Dunyoning eng yirik davlatlari beshtaligi
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, qaysi mamlakat dunyodagi eng katta davlat bo‘lishi mumkin? Albatta, xaritaga qarab qaysi davlatlar eng katta maydonni egallaganini aniqlash oson.
Qizig‘i, hozirda mavjud bo‘lgan 193 ta mamlakat ichida dunyoning eng yirik 10 mamlakati 149 million kvadrat kilometr - umumiy yer maydonining 49 foizini egallaydi.
Bugun esa sizni beshta eng yirik davlatlar to‘g‘risidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtiramiz.
1. Rossiya
Yevroosiyoda joylashgan dunyodagi eng yirik davlat - Rossiya yerdagi butun quruqlik maydonining sakkizdan bir qismini egallaydi. Shu bilan birga aholi zichligi juda past – 1 kvadrat metrga atigi 8 kishi to‘g‘ri keladi.
Hududi bo‘yicha barcha davlatlar ro‘yxatidagi 191-mamlakat Monako bilan taqqoslaganda, bu kichkina davlatda 1 kvadrat kilometrga 16205 kishi to‘g‘ri kelishi, bu joylashish Rossiyaga qaraganda 8102,5 marta ko‘pligi aniqlangan.
Flora va faunaning turli "vakil"lariga boy Rossiyada tropiklardan tashqari barcha iqlim zonalari mavjud. Hududning har xil joylarida 70 daraja sovuqdan 45 daraja issiq ob-havo harorati kuzatilishini tasavvur qilish qiyin bo‘lmasa kerak. Hatto rasman ro‘yxatdan o‘tgan eng sovuq joy – sovuq qutb – Oymyakon qo‘rg‘oni yoki Rossiyaning eng sovuq shahri deb tan olingan Verxoyanskda ham odamlar doimiy ishlab, yashaydi.
2. Kanada
Dunyodagi ikkinchi yirik davlat Kanada Amerika qit’asida joylashgan. Mamlakat aholisi Rossiyadan ancha kam, 1 kvadrat kilometrga atigi 3 kishi to‘g‘ri keladi. Kanadaning iqlim sharoiti Rossiyaga juda o‘xshash va tabiatining xilma-xilligi bilan dunyoning eng go‘zal mamlakatlaridan biri hisoblanadi.
Davlatning to‘rtta - bug‘u, suv qunduzi, oq ayiq va qora gagara (Shimolda yashaydigan quyuq patli yirik suv qushi) kabi ramzlari bor. Bu yerda 15,5 mingga yaqin oq ayiq yashaydi, ro‘yxatdan o‘tgan xokkeychilar soni esa 520 mingdan oshadi. Konki uchish uchun yaxlatilgan maydonlar soni butun dunyodagi sport maydonlariga qaraganda 2 baravar ko‘p. Kanadada tez tayyorlanadigan taomlardan biri “poutin”, deb nomlanadi, u taxminan 60 yil oldin kvebeklik oshpaz tomonidan ixtiro qilingan va fransuz tilidan “tartibsizlik” deb tarjima qilinadi.
3. Xitoy
Eng katta maydon bo‘yicha uchinchi, mamlakat aholisi bo‘yicha birinchi o‘rinni Xitoy egallaydi. Bu davlatda 1 milliard 444 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Xitoy xalqi nihoyatda mehnatkash va intizomli, shu sababli bo‘lsa kerak mamlakatning jahon iqtisodiyoti va geosiyosatidagi roli tez sur’atda o‘sib bormoqda. Ajoyib va xilma-xil tabiatga ega bu mamlakatda sayyohni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan barcha narsa bor, davlat har yili tashrif buyuradigan mehmonlar soni bo‘yicha oltinchi o‘rinni egalaydi. Tarixi va madaniyati ham juda boy mazmunli, u 5 ming yilni o‘z ichiga oladi.
4. AQSh
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyodagi to‘rtinchi o‘rinda turadigan yirik davlat. Mamlakat maydoni Rossiya maydonining yarmiga teng, aholisi bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. Alyaska (mamlakat shimolidagi yarim orol) Arktika zonasida, taniqli Gavayi orollari esa tropiklarda joylashganligi kishi tasavvurini chalg‘itib qo‘yadi.
Mamlakatning yoshi 200 yildan sal ziyodroq, uning na asrlarga borib taqaladigan tarixi, na qadimiy an’analari bor. AQShning tub aholisi – hindular, hozir ularning soni juda oz, chunki mustamlaka davrida ular yuzlab marta kamaydi. Umuman olganda, Amerikaning etnik tarkibi juda xilma-xil, mamlakat paydo bo‘lishining boshida bu yerga ko‘plab lotin amerikaliklar, afroamerikaliklar, osiyoliklar, Okeaniya aholisi olib kelingan.
AQShda olingan ta’lim dunyoning istalgan mamlakatida yaxshi ishga joylashish imkoniyatini beradi.
5. Braziliya
Janubiy Amerikaning deyarli yarmini egallagan davlat – Braziliya ro‘yxatimizning beshinchi pog‘onasida. Mamlakat aholisi 200 milliondan oshadi, tabiatining esa tengi yo‘q va unda 4 millionga yaqin hayvon va o‘simliklar yashaydi, YuNESKO ro‘yxatidagi yigirma bitta ob’yekt ham Braziliyada joylashgan.
Dunyodagi eng sersuv Amazonka daryosi Braziliyada oqadi. Bu cheksiz tropik o‘rmonlar, futbol va karnavallar mamlakatidir. Ajoyib tabiat va madaniyat har yili bu yerga millionlab sayyohlarni jalb qiladi. Biroq, juda uzoqda joylashganligi tufayli bu mamlakat ko‘pchilik uchun xayoliy orzu bo‘lib qolmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.