Dushanbedagi elchixona Ashraf G‘ani davrida o‘tkazilgan Afg‘onistonning 800 ming dollarini qaytarishni rad etdi

Tolibon harakati Afg‘onistonning Dushanbedagi elchixonasi hisobiga go‘yoki yanglishib 800 ming dollar o‘tkazib yuborgan. Afg‘oniston elchisi Muhammad Zohir Agbar ushbu mablag‘ ularga qaytarilmasligini qat’iy aytdi.

«Pajvok» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, davlat to‘ntarishi paytida Afg‘onistondan qochgan prezident Ashraf G‘ani hukmronligining so‘nggi kunlarida Afg‘onistonning Dushanbedagi elchixonasiga 786 ming dollar “xato” o‘tkazilgan va hozirda Tolibon pullarni Kobulga qaytarishni talab qilib xat jo‘natgan.

«Tolibon ushbu mablag‘ni qaytarishni talab qilishga haqqi yo‘q, chunki Afg‘oniston elchixonasi Afg‘oniston Islom Respublikasining rasmiy diplomatik departamenti hisoblanadi va bu yerga Tolibon bu borada hech qanday savol berishga haqi bo‘lmagan turli xil summalar kelib tushadi", dedi Dushanbe jurnalistlariga Afg‘oniston elchisi.

«Aksariyat mamlakat kabi biz Tolibonni rasman tan olmaymiz va ular bizdan qonuniy hukumat pullarini qaytarishimizni talab qila olishmaydi. Hozir biz bu yerda yashab, ishlaydigan ko‘p sonli fuqarolarimiz bilan kichik bir Afg‘onistonmiz. Dushanbeda 10 mingga yaqin afg‘onlar yashaydi va ishlaydi va biz ularga yordam bera olamiz”, dedi Agbar.