Efiopiyada BMTning kamida to‘qqiz nafar xodimi hibsga olindi
Efiopiya poytaxti Addis-Abebada BMTning kamida to‘qqiz nafar xodimi va ularning oila a’zolari hibsga olindi, deya ma’lum qildi BMT vakili o‘rinbosari Farhan Xak RIA Novosti agentligiga.
"BMT Xavfsizlik departamenti va BMTning tegishli xavfsizlik xodimlari hibsga olingan hamkasblarini borib ko‘rdi. Shuningdek, hibsga olingan xodimlarni zudlik bilan ozod qilish talabi bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligiga og‘zaki notalar yuborildi", - dedi Xak.
Avvalroq Efiopiya OAVlari mamlakat parlamenti quyi palatasi aholini NFOT (Tigrayni ozod qilish xalq fronti) isyonchilaridan himoya qilish uchun butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat rejimini ma’qullagani haqida xabar bergan edi.
Shimoliy Efiopiya 2020 yil noyabridan beri mojarolar markazida. O‘shanda mamlakat rasmiylari Efiopiya siyosiy hayotida qariyb o‘ttiz yil davomida hukmronlik qilgan Tigrayni ozod qilish xalq frontini harbiy bazaga hujum qilishda ayblagan va qo‘shni Eritreya ko‘magida Tigrayda operatsiya boshlagan.
2021 yilning bahorida Efiopiya hukumati Eritreya qo‘shinlarini Tigraydan olib chiqayotganini e’lon qildi. Iyun oyida Tigraydagi isyonchilar mintaqaning ma’muriy markazi Mekele shahrini egallab oldi va Efiopiya hukumati so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qildi. Biroq, keyinroq isyonchilar yangi hujum boshlashdi va Tigrayning bir qismini nazoratiga olib, Amxara hududiga bostirib kirishdi.