Ekologiya boshqarmasi “Darg‘om” kanaliga 1 tonna neft oqizgan korxona faoliyatini to‘xtatish va 1,2 milliard co‘m kompensatsiya undirish yuzasidan sudga ariza kiritmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Darg‘om” kanaliga neft mahsulotlari oqizilganlik holati bo‘yicha e’lon qilingan videomurojaat e’lon qilindi. Holat viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan o‘rganilgan.
O‘rganishlar davomida Samarqand tumanining “Andijon” MFYda joylashgan “NURSHOD UNIVERSAL SAVDO” MChJga qarashli suyultirilgan gaz saqlash omboridagi neft mahsulotlari (pech yoqilg‘isi) saqlash sig‘imidan oqib ketishi natijasida 1 tonna neft mahsulotlari joy relefiga to‘plangani va polietilen truba yordamida “Darg‘om” kanaliga oqizilib, suvni va joy relefini ifloslantirganlik holati aniqlandi.
Shuningdek, korxona hududiga to‘kilgan neft mahsulotlari bilan ifloslantirilgan yer maydoni o‘lchanganda 86,4 m3 ekanligi aniqlangan.
Ishchi guruh tomonidan holat bartaraf etilib, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 34-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-son qaroriga asosan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 204 401 864 so‘mni tashkil etgan.
O‘rganishlar davomida hozirgi kunda korxonaning xavflilik darajasi 1-toifaga mansub ekanligi va korxona ekologik normativ hujjatlarsiz faoliyat olib borganligi aniqlangan. Holat bo‘yicha ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Shuningdek, xabarda aytilishicha korxona faoliyatini to‘xtatish va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovini undirish yuzasidan iqtisodiy sudga kiritish uchun da’vo arizasi tayyorlanmoqda.