Ekoturizm: Sayyohlar tabiatni sof holatda ko‘rishi kerak
Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-tur ayni masala bo‘yicha bo‘ldi. Unda jurnalist va blogerlar viloyatimizning tabiiy landshafti, o‘simlik va hayvonot dunyosini sof holatda saqlagan holda sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Birinchi manzil Urgutning Beshkon mahallasidagi tabiat mo‘’jizasi - Teshiktosh maskani bo‘ldi. Keng adirlik, bir tomonda ko‘kka bo‘y cho‘zgan tog‘lar tizimi yastanib yotibdi. Aynan shu yerda ona tabiat mahorat bilan yo‘ngan turli shakl va o‘lchamlardagi toshlar yerga bag‘rini berib yotibdi. Bugun bu joylar tumanning ekoturizm markazi, o‘ziga xos tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Doimo xorijlik va mahalliy sayyohlar bilan gavjum bo‘ladigan ushbu maskan bir necha yil oldin tashlandiq holatda bo‘lganini tasavvur qilish qiyin.
– Bu yerlarga ko‘p yillar yetarlicha e’tibor berilmadi, - deydi “Teshiktosh” ekoturizm maskani rahbari Marat Burxonov. – Yaqingacha yon-atrofimiz M-39 magistral yo‘lidan o‘tib-qaytuvchi haydovchilar tomonidan tashlab ketiladigan chiqindilar bilan to‘lib-toshardi. Hudud turizm maskani uchun ajratilgach, vaziyat o‘zgardi. Adirlik chiqindilardan tozalandi, sayyohlarning tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lib, maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoit yaratildi. Ayni paytda maskan yonida 32 kishilik mehmonxona quryapmiz.
M.Burxonovning ta’kidlashicha, bungacha suv tanqisligi sababli hududda birorta giyoh o‘smagan. Joriy yil mas’ul idoralar ko‘magi bilan adirlikda 16 ta quduq qazilib, 16 kilometr sug‘orish tarmog‘i tortilgan. Baland hududlarga suv chiqarish uchun maxsus texnikalar joylashtirilgan. Hozir Teshiktosh hamda unga tutash hududlarda 36 turdagi daraxt va buta ko‘chati ekilib, parvarishlanmoqda.
Teshiktoshdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, qanchalik quvongan bo‘lsak, barcha sayyohlarda hayrat uyg‘otadigan naqshinkor toshlarning abgor holatini ko‘rib, shuncha kayfiyatimiz tushdi. Gap shundaki, maskandagi deyarli barcha toshlar turli yozuvlar bilan bejab tashlangan. “D+M”, “X+D꞊LOVE”, “9-B”... Sayyohlar Teshiktoshga shu madaniyatsizlikni ko‘rish uchun keladimi? Toshlarning atrofi ham tozalanmagan, qadamda oziq-ovqat mahsulotlaridan qolgan chiqindilar sochilib yotibdi. Markaz rahbaridan bunga izoh so‘raganimizda, “Yaqinda toshlarni yuvib chiqqan edik, odamlar yana chizib ketishyapti. Tez orada kuzatuv kameralari qo‘yamiz”, degan javobni oldik. Ekologiya boshqarmasi mas’ullari ham bungacha ikki marotaba toshlarni yozuvlardan tozalaganliklarini ma’lum qilishdi. Ammo bu ularning bugungi ayanchli holatini oqlamaydi.
Teshiktoshdan chiqib, Urgut tumanining yana bir diqqatga sazovor joyi hisoblanmish Tersak turizm qishlog‘iga keldik. Bu yerda Farmon Oblayorov hamda Qursinboy Hasanovlarning mehmon uylarida bo‘lib, qishloqning tabiati, sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi bilan tanishdik.
Tumanning Omonqo‘ton mahallasidagi “Ming archa” ekoturizm markazida yoshi ikki asrga teng Qrim qarag‘aylari ko‘kka bo‘y cho‘zib turibdi. Mas’ullarning ma’lumotiga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligining umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etib, faqat 1,25 gektari ekoturizm markazi uchun ajratilgan. Shunday bo‘lsa-da, sayyohlar o‘rmonda o‘zi bilgandek yurishi mumkin emas. Maxsus yo‘laklar va dam olish joylari tashkil etilgan.
Tadbir yakunida Jomboy tumanidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i X.Oqbo‘tayev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Boshqarma boshlig‘i tabiatni sof holatda asrash, xususan, ayrim “ishbilarmon”lar tomonidan ekologiyaga yetkazilayotgan zararni bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Sa’y-harakatlar samarasi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i misolida tushuntirib berildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tarkibida bo‘lgan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazilgan. Ayni vaqtda umumiy maydoni 2426,2 gektar bo‘lgan bog‘ni Davlat ekologiya qo‘mitasiga topshirish ishlari ketmoqda. Shunga qaramay, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan undagi tabiiy ekologik muhitni saqlash, tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, hududda daraxtlarning qurib qolishi bilan bog‘liq muammoni hal qilish mutaxassislarning asosiy vazifasiga aylangan. Ayni maqsadda bog‘dagi ko‘milib qolgan chashmalar qayta ochilib, qo‘shimcha suv chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, bog‘ hududida qurilishi boshlangan dam olish markazlarining faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilyapti.
Asqar BAROTOV.