Elchilar rafiqalari Samarqanddagi 2 ta mehribonlik uyiga 30 million so‘mdan homiylik yordami ko‘rsatdi

9 oktbyar kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi turmush o‘rtog‘i Zaida Grauze xonim hamda Falastin davlatining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi turmush o‘rtog‘i Lyubov Tarshaxani xonim O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamrohligida Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonda o‘zining diplomatik missiyasini olib borayotgan xorijiy davlatlar elchilarining oilalari o‘rtasida har yili “Milliy taomlar” festivali o‘tkazish an’anaga aylangan. Mazkur festival davomida tayyorlangan taomlarni sotishdan jamg‘arilgan mablag‘ yurtimizdagi mehr-muruvvatga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Elchilarning rafiqalari Samarqandga ana shu ezgu yumushni ado etish maqsadida kelib, shahardagi 1- va 10-mehribonlik uylarida bo‘ldi.

Mehmonlar viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov hamrohligida muassasalarda bolalarning yashashi, ta’lim-tarbiya olishi va kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ota-ona qaramog‘isiz qolgan, yetim bolalarga davlatimiz tonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborga guvoh bo‘ldilar. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari tomonidan madaniy dasturlar namoyish etildi.

Zaida Grauze va Lyubov Tarshaxani xonim tarbiyalanuvchilarga o‘zlarining ezgu tilaklar, muassasa rahbarlari va tarbiyachi-xodimlariga mashaqqatli mehnatlari uchun minnatdorchilik izhor etishdi. Mehribonlik uylarining har biriga 30 million so‘mdan beg‘araz homiylik yordami ko‘rsatildi.

Tashrif davomida mehmonlar shaharning tarixiy-madaniy yodgorliklarini tomosha qildi.

A.ISROILOV.