Elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.t.” MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar korxona ishlab chiqarish binosidagi “MA 310” rusumli elektr hisoblagichni o‘zboshimchalik bilan elektron dasturga kiritilmagan boshqa hisoblagichga almashtirib, jami 752,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.

Shu kabi, Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B-T.” korxonasi Samarqand filiali rahbari A.R. hech qanday hujjatsiz 9ta ko‘p qavatli uy-joy binosidagi liftlarni o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulatganligi oqibatida ushbu uylarda 597,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.