Keyingi uch kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan

7-9 fevral kunlari Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura, IIV hamda elektr va gaz ta’minoti korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 23 holat aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimga 5 mlrd so‘mlik zarar keltirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Paxtachi tumanida “X.Q.S.” MChJga qarashli issiqxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida 3 mlrd 300 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Urgut tumanida esa “S.N.” MChJga qarashli ishlab chiqarish sexining transformatori o‘zboshimchalik bilan almashtirilgan bo‘lib, ushbu holat bo‘yicha 700 mln so‘m miqdorida qayta hisob amalga oshirilgan.

"Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi", deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.