Emlash 95 foiz bo‘lgan mamlakatda epidemiya tarqalishi kulgili
Gepatit A ga qarshi emlash majburiy emas. Ammo emlangan bola oila byudjetiga vaksina bahosidan ko‘ra uch-to‘rt baravar ko‘proq foyda keltiradi. Samarqandda qizamiqqa chalinganlar soni ko‘payib ketdi, mazmunidagi xabarlar yolg‘on ekan.
Shu kabi ma’lumotlar YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan seminarda aytildi. Samarqandda «Bola sog‘ligi, xususan immunizatsiya masalalarini OAVda yoritish» mavzusidagi seminar treningda viloyat va respublika OAVida ishlayotgan jurnalistlar ishtirok etdi. Viloyat DSENM boshqarmasi vakillari jurnalistlarga emlash va uning ahamiyati masalasida fikrlarni bildirishdi.
- Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda viloyatda qizamiq epidemiyasi tarqalganligi haqidagi xabarlar nafaqat respublika, balki xorijda ham keng tarqalib ketdi, - deydi viloyat DSENM boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Qilichbek Qo‘ldoshev. - Vaholanki, ushbu xastalikka chalinish shu yil davomida 29 ta holat aniqlangan. Bu holatni epidemiya deyishning o‘zi katta xato. Ushbu xastalikka chalinib, shifokor vafot etdi, mazmunidagi xabarlar ham asoslanmagan, mish-mishdir. Afsuski, xabar tarqalgach, uning noto‘g‘riligiga ishontirish juda qiyin kechdi. Mamlakatimizda vaksinatsiya ishlari tizimli tarzda olib boriladi, har yili 95 foiz bolalar o‘z vaqtida 12 turdagi kasalliklarga qarshi emlanadi. Aytish kerakki, ushbu kasalliklarning besh turiga qarshi vaksinatsiya 2001 yildan boshlab bosqichma bosqich emlash kalendariga kiritilgan. Barchasi bepul va sifatli amalga oshiriladi.
Shuningdek, seminar davomida jurnalistlarga immunzatsiya masalalarni yoritishda OAVning o‘rni, yolg‘on xabarlarni tarqatish va uning oqibatlari, feyk xabarlar bo‘yicha Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi trenerlari tomonidan mashg‘ulotlar olib borildi.
- Qonunchiligimizda tuhmat uchun jazo choralari bor, yolg‘on xabar tarqatishga esa afsuski, tegishli choralar ko‘zda tutilmagan, - deydi trener Nargis Qosimova. – Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda bunday feyk, yolg‘on xabarlarning tarqalishi, ba’zida hatto rasman axborot tarqatadigan internet nashrlarning ham bu xabarlarni ulashishi kuzatiladi. Jurnalistlar bu masalada ehtiyotkor bo‘lishlari, o‘quvchi soni yig‘aman, deya aholiga noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishi axborot maydonidagi obro‘yiga putur yetkazishini tushunib yetishlari kerak.
Gulruh MO‘MINOVA,
“Zarnews.uz” muxbiri.