Endi yer uchastkalarini va ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini xususiylashtirish mumkin(mi?)
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 13 avgustdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘RQ-552-sonli Qonuniga asosan yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu ob’yektlarning mulkdorlariga tegishli ekanligi va ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini xususiylashtirish bilan birga amalga oshirilishi belgilandi.
Mazkur qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish ob’yektlari quyidagilardan iborat:
- yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’yektlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur o‘lchamlardagi yer uchastkalari;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari;
- bo‘sh turgan yer uchastkalari;
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan yer uchastkalari;
Qonunga ko‘ra, quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
- tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari;
- ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan, xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik ob’yektlar joylashgan yer uchastkalari;
- tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek, o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar);
- xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
- erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari;
Xususiylashtirish bo‘yicha ariza yer uchastkasi joylashgan yerdagi tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.
Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya ariza olingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi va yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglamentga muvofiq o‘z ijobiy yoki salbiy xulosasini tuzadi.
Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning xulosasi tuman (shahar) hokimining yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi.
Ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkasini xususiylashtirish uchun to‘lovning miqdori yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan hamda xususiylashtiriladigan kunda tegishli yerlar uchun belgilangan yer solig‘i stavkasining karrali miqdorlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun to‘lov miqdorini belgilashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarining yuridik va jismoniy shaxslarning ayrim toifalariga, shu jumladan, yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan yuridik va jismoniy shaxslarning ayrim toifalariga nisbatan tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni belgilashga haqli.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, mazkur qonunning qabul qilinishi xususiylashtirilgan yer uchastkasiga yuridik va jismoniy shaxslarning davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra va o‘z manfaatlari yo‘lida erkin egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish, shu jumladan, undan garov predmeti sifatida foydalanish, yuridik shaxsning ustav kapitaliga (ustav fondiga) hissa sifatida kiritish, ijaraga berish, xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqining har qanday buzilishi bartaraf etilishini talab qilish, xususiylashtirilgan yer uchastkasida mustaqil ravishda xo‘jalik yuritish, uy-joy, ishlab chiqarish, madaniy-maishiy va boshqa imoratlar hamda inshootlarni qurish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Qonun 2020 yil 1 martdan e’tiboran kuchga kiradi.
Feruz Karimov,
Tayloq tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi.