Endi kesilgan daraxtlar uchun ham kompensatsiya to‘lanadi(mi?)

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 fevraldagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Endilikda qurib qolgan, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan daraxtlarni qirqish belgilangan tartib asosida shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan bajariladi. Ob’yekt qurish uchun berilgan rasmiy hujjatlarda shu uchastkada o‘sayotgan daraxtlar soni, navlari, balandligi ko‘rsatilishi shart. Loyihalar ishlab chiqilayotganda qurilish maydonidagi daraxtlar va butalarning noyob navlari to‘liq saqlab qolinishi yoki boshqa joyga ko‘chirib ekilishi kerak. Boshqa navlarning kamida 50 foizi saqlanishi yoki ko‘chirilishi, buning imkoni bo‘lmaganda, ularning o‘rniga 10 tadan daraxt ko‘chatlari ekiladi.

1 martdan qurilish, qayta ta’mirlash, obodonlashtirish, buzish bo‘yicha loyihalarda, ob’yektlarni foydalanishga qabul qilishda majburiy tartibda o‘simlik dunyosi va ularning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldi olinib, qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya to‘lanish choralari ta’minlanadi.