Endi nodavlat notijorat tashkilotlarining uyi bo‘ladi
Gap shundaki, Samarqand shahar hokimligi balansidagi to‘rt qavatli yotoqxona binosi “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”ga aylantirildi. To‘liq rekonstruksiya qilingan binoda bugungi kunda jihozlash ishlari amalga oshirilyapti. Bu yerga ayni paytda ijarada faoliyat olib borayotgan 46 ta NNT hamda 11 ta milliy-madaniy markazlarni joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda viloyatda 809 ta (shundan 404 ta davlat va 405 tasi hisob ro‘yxatiga olingan) NNT faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular davlat organlari huzuridagi 200 dan ortiq ishchi guruhlari, komissiyalar ishida faol ishtirok etmoqda.
Bu borada «SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi viloyat bo‘limi, “Rahmdillik” jamiyati, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi, “Maxdumi A’zam Dahbediy” fondi, “Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish markazi, “Zarafshon” nodavlat notijorat ekologik birlashmasi kabi NNTlari jamiyat turli masalalarda ijro hokimiyati bilan hamkorlikda katta ishlarni amalga oshiryapti.
Masalan, “Umid-D” xayriya markazi diabetga va nogironlikning boshqa shakllariga yo‘liqqan insonlarga katta yordam ko‘rsatyapti. “Maxdumi A’zam Dahbediy” jamoat fondi qayroq toshlar va Chokardiza qabristonida ilmiy o‘rganish olib bordi. “Rahmdillik” jamiyati zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga psixologik, tibbiy yordamlar ko‘rsatib kelyapti.
Bu kabi ishlar albatta, o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bunda NNTlar turli loyihalarda g‘olib bo‘layotgani ham muhim omil bo‘lmoqda. Birgina 2020 yilda 15 ta NNT umumiy miqdori 582 million so‘mlik grant mablag‘lari doirasida turli loyihalarni amalga oshirdi.
Jumladan, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan “O‘zbek tadbirkor ayoli! Startapdan - eksportgacha" loyihasi asosida ishsiz, shu bilan birga ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar uchun qisqa muddatli trening-darslar tashkil qilinmoqda. Shahar va tumanlarda 25 yo‘nalishda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda bir chorak davomida 600 nafarga yaqin opa-singillarimizga kasb o‘rgatildi.
Ahamiyatlisi, NNTlarimiz nafaqat respublika miqyosidagi, balki xalqaro grant va tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, "Rahmdillik" jamiyati Yangi Zelandiya davlatining xalqaro tanlovida “O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik bilan duch kelgan ayollarni himoya qilish va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi bilan ishtirok etib, grant loyihasi g‘olibi bo‘ldi.
Grant loyihasi doirasida Past Darg‘om tumanida 10 ta tanlangan mahallada zo‘ravonlikning oldini olish, huquqiy, iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminarlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shveysariya davlati YuNEYDS tashkiloti tomonidan e’lon qilingan xalqaro grant loyihasida “Nurbonu” nodavlat notijorat tashkiloti “Karantin davrida bolalar va kam ta’minlangan oilalarni ruhiy va ijtimoiy himoya qilish” loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.
Loyiha doirasida viloyatning Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahri, Urgut, Ishtixon, Paxtachi va Past Darg‘om tumanlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bir martalik birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Albatta, amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda sohani rivojlantirish bo‘yicha hal etilish lozim bo‘lgan ayrim muammolar ham mavjud.
Xususan, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini mahalliy byudjetdan moliyalashtirishning imkoni yo‘q. Chunki, bu bo‘yicha Byudjet kodeksida aniq bir norma belgilanmagan.
Ikkinchidan, NNTlarning yanada rivojlanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish yoki ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga aniq vakolatlar berilmagan.
O‘ylaymanki, hududda boshqaruv organlari va NNTlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq qonuniy normalar bo‘lmas ekan, bu masala faqat qog‘ozda qolib ketaveradi.
Uchinchidan, NNTlarga davlat granti loyihalarini yozish, ajratilgan mablag‘dan maqsadli foydalanish hamda yakuniy hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish bo‘yicha resurs markazlarini tashkil etish kerak.
Menimcha, professional yuridik, buxgalteriya, axborot texnologiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar jamoasi, aniq yo‘nalishlar ko‘rsatilgan elektron platforma tashkil qilinsa foydadan xoli bo‘lmaydi.
Suhrob Rafiqov,
xalq deputatlari viloyat Kengashi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ishlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.