Energetika vazirligi: Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda
So‘nggi 10 kunda ayrim iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishlari natijasida respublika bo‘yicha davlat manfaatlariga 14 mlrd. 898 mln. so‘mlik zarar yetkazilgan.
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya”, Bosh prokuratura, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar, elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda noyabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1185 ta holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Bunda 11 mlrd. 338 mln. so‘mlik elektr energiyasi va 3 mlrd. 560 mln. so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilinishi natijasida davlat manfaatlariga keltirilgan jami 14 mlrd. 898 mln. so‘mlik zarar undirishga qaratilgan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.