Eng namunali tayanch punkti – Kattaqo‘rg‘onda

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida “Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib deb topilgan tayanch punktlari inspektorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumani “Mo‘minxo‘ja” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 203-sonli ichki ishlar organlari tayanch punkti birinchi o‘ringa munosib deb topildi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Jomboy tumani “Qo‘rg‘on-salomon” MFYda joylashgan 149-sonli tayanch punkti qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Urgut tumani “Ukrach” MFYga xizmat ko‘rsatuvchi 498-sonli tayanch punkti uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

– Mahallamizdagi 750 ta xonadonda 4561 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi 203-sonli ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektori Bektosh Xushov. –  Bitta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, bitta maktabgacha ta’lim muassasasi joylashgan. Mahalla fuqarolar yig‘ini, ta’lim muassasalari, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa qator tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, fuqarolar bandligini ta’minlash borasida ham ushbu tashkilotlar bilan ish olib boryapmiz. Xususan, 8 nafar fuqaroga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun 7 foizlik kredit mablag‘lari olishda ko‘maklashdik. Mehnatimiz samarasi o‘laroq 2018 yilda birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Tadbir davomida “Eng fidoyi sektor rahbari”, “Eng faol profilaktika inspektori”, “Profilaktika inspektorining eng faol jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi”, “Adolatli yarashtirish komissiyasi raisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

Bahriddin XONKELDIYeV.