Yer uchastkam olib qo‘yildi…

- Samarqand shahri chetida yer uchastkam bor. Hokimlik vakillari kelib, bu yer maydonini davlat ehtiyoji uchun olinishi haqida ogohlantirishdi. Men ushbu  yer uchastkasi o‘rniga boshqa joydan yer maydoni olsam bo‘ladimi? Umuman, yer uchastkasi davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilsa uning egasiga biror imkoniyat beriladimi?

Abduraim JO‘RAYEV,

Samarqand shahri.

-  Fuqaroning yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda amaldagi qonunlarga asosan u bir necha kafolatlarga ega bo‘ladi. Jumladan, Uy-joy kodeksining tegishli moddalari bilan fuqarolar (yuridik shaxslar) mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turarjoy mulk qilib beriladi. Shuningdek, buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shu bilan birga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi.

Yer kodeksi talablariga ko‘ra yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimi yoxud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olinadi. Yer maydoni avvalgi yer uchastkasi bilan aynan bir xil uchastka ajratilgach va yangi joyda uy-joy, ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar qurib berilganidan keyin hamda barcha zararlar (shu jumladan, boy berilgan foyda) to‘la hamda qoplanganidan keyin olib qo‘yiladi.

Feruz KARIMOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha

Samarqand viloyat sudi katta mutaxassisi.