Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq qanday tartibda tugatiladi?
Yangi tartibga ko‘ra, bu ish ayrim hollarda tegishli hokimlik yoki Hukumat qarori asosida amalga oshiriladi. Ba’zi hollarda sud qarorisiz bu ishga ruxsat berilmaydi. Mazkur qoidalar belgilangan “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun 2020 yil 23 dekabrdan kuchga kirdi.
Ushbu qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatish quyidagi hollarda tegishincha tumanlar, shaharlar, viloyatlar hokimlarining qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi:
- yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
- yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda;
- yuridik shaxs tugatilganda;
- xizmatda foydalanish uchun chek yer berib qo‘yishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda.
Qaror yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ taqdimnomasi hamda huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qabul qilinadi.
Quyidagi hollarda esa holat sud tomonidan amalga oshiriladi:
- yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;
- yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda;
- yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
- qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig‘i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda;
- qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;
- meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi order kimoshdi savdosi asosida sotib olinganidan keyin yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi garovda bo‘lgan taqdirda esa garov shartnomasi muddati mobaynida foydalanilmaganida.
Foydalanilmayotgan yer uchastkalari ularning avvalgi egalari to‘lagan qiymat ushbu egalarga kompensatsiya qilingan holda olib qo‘yiladi.
Quyidagi holda yer uchastkasiga egalik qilish, yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatish tumanlar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi:
- Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limlarining qaroriga muvofiq, fermer yoki dehqon xo‘jaligining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi tugatilganda tugatish tegishli Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limlarining taklifiga ko‘ra.
Bunda tuman hokimining qarori uchun kengash tomonidan huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga egalik kilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi Vazirlar Mahkamasining hamda ko‘rsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan hollarda yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirganidan keyin yer uchastkasini bergan organga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritishi;
yer uchastkasini bergan organ taqdimnoma asosida bir oylik muddatda uni olib qo‘yish haqida sudga da’vo ariza kiritishi;
yer uchastkasini bergan organ, zarur hollarda, yer uchastkasining holatini hamda yer egasi yoki yerdan foydalanuvchi tomonidan yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirishni tayinlashga haqli ekanligi belgilandi.
Bahodir Qarshiyev,
Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.