Yer va suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanganga chora ko‘riladi
Samarqandda bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarda yer va suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, yerlarning o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlarning oldini olish masalalari muhokama etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan agrar soha xodimlariga Prezidentimizning 2019 yil 17 iyundagi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuncha berildi.
Unga ko‘ra, endilikda sug‘oriladigan yerlar maxsus muhofazaga olinib, ulardan qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ravishda tegishli ruxsat olmasdan, o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq qoplanadi.
Bunday hollarda yetkazilgan zarar miqdori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan aniqlanadi. Xususan, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan ekin maydonlari tuproq unumdor qatlamiga yetkazilgan zararni xisoblash tartiblari, suvdan foydalanish va suv iste’moli bo‘yicha belgilangan tartibbuzarlik holatlariga nisbatan ham choralar qo‘llaniladi.
Seminarda sohada qonunchilik tizimini shakllantirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan bajarilayotgan ishlar haqida fikrlar bildirildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.