Qattiq sovuqdan keyin ekinlarni "shok" holatdan olib chiqish uchun nima qilish kerak?
Ayni vaqtda kuzatilayotgan sovuq havo 20 fevralgacha davom etishi aytilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tizimdagi ilmiy tadqiqot institutlari olimlari tomonidan to‘qsonbosti usulidagi piyoz va boshqa ekinlarni sovuqdan asrash uchun zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilib, joylarga yuborilgan.
"Qisqa muddatli sovuq kunlar bo‘lib o‘tgandan so‘ng, sabzavot ekinlarini «stress» va «shok» holatidan olib chiqish uchun quyidagi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi: birinchidan, o‘simlikni qo‘shimcha oziqlantirishga katta e’tibor qaratish lozim, bunda turli mikroelement, aminokislotalarga boy preparatlar (Viusid, Biotras singari tarkibida bor elementi mavjud bo‘lgan ozuqalar) bilan bargidan oziqlantirish yaxshi samara beradi.
Ikkinchidan, o‘simlikning o‘sish va rivojlanish jarayonini tezlashtirish maqsadida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish zarur. Bunda tez ta’sir etuvchi (sulfat ammoniya) mineral o‘g‘itlardan foydalaniladi.
Uchinchidan, havo harorati o‘simlik uchun past bo‘lsa, egat ustini simbag‘az usulida shaffof plyonka bilan vaqtincha yopib turish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, barcha agrotexnik tadbirlarni intensiv usulda, qisqa muddatlarda amalga oshirish, tuproq namligini saqlab turish uchun sug‘orish lozim", deyiladi vazirlik xabarida.