Er xotinini o‘ldirmoqchi bo‘lmagan, balki uyidan chiqib ketgan xotini va bolasini qaytarmoqchi bo‘lgan
Kecha, 27 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda birovning mashinasiga o‘tirib, haydovchiga eri urayotganini aytgan ayol haqida video tarqalgandi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB ma’lumot berdi.
"Joriy yilning 25 noyabr kuni Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" mahalla fuqarolar yig‘ini Go‘ro‘g‘li ko‘chasida yashovchi oiladagi er-xotin o‘rtasida yuzaga kelgan oilaviy kelishmovchilik oqibatida xotini uyidan chiqib ketib, qarindoshlarinikida tunab qolgan.
Eri ayolini topib, farzandi bilan uyiga qaytarmoqchi bo‘lgan vaqtida ayoli “uyga bormayman” degan va ular o‘rtasida yana o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelgan. Natijada ayol ko‘chadagi mashinaga o‘tirib, haydovchidan IIBga qo‘ng‘iroq qilishni, eri uni urayotganligini aytgan.
Haydovchi bu haqda 102 raqami orqali murojaat qilgan. Ayni paytda taraflar hududiy IIBga olib kelingan, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.