Viloyat IIBda Jamoatchilik kengashi tuzildi
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi huzurida Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi ushbu kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvarda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuzildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi ichki ishlar organlari bilan xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi, IIB faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutib, har bir xodimda o‘z ishiga mas’uliyat ortishi, yurtga daxldorlik tuyg‘usi shakllanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari va vakolatlari tanishtirildi.
Tadbirda uzoq yillar ichki ishlar organi tizimida faoliyat yuritgan, iste’fodagi polkovnik Shavkat Sa’dullayev Jamoatchilik kengashi raisi etib saylandi. Kengash a’zoligiga nodavlat tashkilot vakillari, tizim faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qabul qilindi.