Erkinjon Turdimov: Deputat befarq bo‘lishi mumkin emas

Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida deputatlar oldiga juda mas’uliyatli, shu bilan birga muhim vazifalarni qo‘ydi. Deputatlarning eng katta vazifasi – bu rejalashtirilgan dastur va loyihalar ijrosini muntazam nazorat qilish va dasturlarning aholi talabi asosida shakllanishiga erishishdir.

Buning uchun deputat mas’uliyatni chuqur his etishi va atrofdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasligi lozim. Gazetalarda, televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda hayotdagi voqealarga munosabat bildirishni o‘rganishi zarur.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi Prezident Murojaatnomasidagi talablardan kelib chiqib, o‘z faoliyatini jonlantirib boradi. Kengash uchun bugunning shiori bitta: fidoyilik rag‘batsiz, mas’uliyatsizlik chorasiz qolmaydi.

Hokimliklar deputatlarga ularning faoliyati uchun barcha sharoitlarni yaratib berishadi. Deputatlar o‘z saylov okrugida amalga oshiriladigan loyiha va dasturlar matni bilan ta’minlanadi. Endi barcha Kengashlarda hokimlar hisobot beradi.

Prezidentimiz Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqida Samarqandda mahalliy Kengashlar bilan ishlash, Kengashlar va doimiy komissiyalar faoliyatini zamonaviy demokratik tamoyillar asosida tashkil etish tajribasini yaratish vazifasini qo‘ydi. Bu vazifa har bir deputatda faxr va mas’uliyat hissini uyg‘otishi tabiiy.

Shuning uchun deputat telegram kanali yoki feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali o‘z saylovchilari bilan aloqa o‘rnatishi, xalqning unga murojaat qilishi uchun imkon yaratishi zarur.

Viloyat Kengashi yaqin kunlar ichida viloyat, shahar va tuman Kengashlari uchun yangi sayt joriy etilishini, yil davomida esa har bir deputatning taklif, murojaat, mulohazalarga munosabat bildirishi bo‘yicha monitoring olib borishini ta’minlaydi.

Vaqti-vaqti bilan deputat faoliyati yuzasidan so‘rovnomalar tashkil etamiz. Toki, Yurtboshimiz aytganidek, bizning faoliyatimizga xalq, saylovchilar baho bersin.