Erkinjon Turdimov matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini tabrikladi

Qadrli jurnalistlar, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Viloyatimizdagi barcha ijodkor jurnalistlar, blogerlar va axborot xizmatlari xodimlarini, matbaachilar va noshirlar, qadrli faxriylarimizni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Bugun mamlakatimiz, jamiyatimiz hayotida ommaviy axborot vositalari qanday o‘ringa egaligi haqida ortiqcha ta’riflar berishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Sababi hammamiz ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz – ayni chog‘da hayotimizni ommaviy axborot vositalarisiz, bu – gazeta-jurnal, televideniye-radio, internet-sayt va ijtimoiy tarmoqlar bo‘ladimi, ularsiz tasavvur qilolmaymiz.

Har birimiz kunni ana shu vositalardagi xabar va yangiliklarni o‘qish bilan boshlab, shu bilan yakunlaymiz. Bir zum axborot ololmay qolsak, go‘yoki dunyodan uzilib qolgandek bo‘lamiz. Aslida ham bugungi shiddatkor davr, zamon taraqqiyoti ommaviy axborot vositalariga hayotimizning ajralmas bir bo‘lagi sifatida qarashni taqozo etmoqda. Va amalda ham shunday bo‘lyapti, desam xato qilmagan bo‘laman.

Ayni paytda viloyatimizda Samarqandda viloyat hokimligi muassisligida 3 ta, shahar va tuman hokimliklari muassisligida 16 ta gazetalar, shuningdek, 17 ta xususiy nashrlar va 5 ta oliy ta’lim muassasalari muassisligidagi sohaviy jurnallar chop etilmoqda. Bu tahririyatlarda 250 ga yaqin xodim faoliyat olib bormoqda.

Viloyat hokimligi muassisligidagi “Ovozi Samarqand” gazetasiga 183 million so‘m mablag‘ ajratilib, “Neksiya-3” rusumli yangi xizmat mashinasi, orgtexnika vositalari jamlanmasi, foto va videokamera, mebellar olib berildi.

Xuddi shunday shahar va tumanlar hokimliklari muassisligidagi gazetalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash maqsadida 2019-2020 yillar davomida to‘qqiz tahririyatning binosi ta’mirdan chiqarildi. Zamonaviy orgtexnika vositalari, kompyuter jamlanmalar, raqamli fotoapparat va ehtiyojga qarab mebellar olib berildi.

Jumladan, Paxtachi tumanidagi “Paxtachi” gazetasi uchun 1 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ evaziga yangi bino qurib, bitkazildi va shu kunlarda foydalanishga topshirildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasining bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida “Paxtachi” gazetasining rasmiy veb-sayti ochildi. Bugungi kunda viloyatdagi barcha gazetalar o‘z rasmiy veb-saytiga, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalariga ega bo‘ldi.

Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni alohida ta’kidlashni istardim. Sababi bugungi pandemiya sharoitida barchamiz ko‘rdik – ommaviy axborot vositalari xodimlari veb sayt, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali xalqimizga tezkor xabar va yangiliklarni yetkazishga harakat qildi.

Bu borada teleradio va gazetalar tahririyatlari bilan birga internet nashrlar xodimlari, mustaqil jurnalist va blogerlarimiz faol ishlaganliklarini qayd etish lozim. Ularning jonkuyarligi, haqiqat va adolat uchun o‘z halovatidan kechib bo‘lsa-da harakat qilayotgani sababli ko‘plab muammo va kamchiliklarga yechim topilmoqda. Muammoli masalalarimiz hal etilyapti.

Bundan buyon ham hurmatli jurnalist va blogerlarimizdan ana shunday faollik, fidoyilik, yurt, xalq manfaati uchun jonkuyarlik kutamiz.

Bugungi bayram sanasida zahmatli kasb egalari bo‘lgan matbaachi va noshirlarimiz mehnatini ham e’tirof etishimiz joiz. Hozirda viloyatimizda 80 dan ko‘proq matbaa korxonasi hamda “Imom Buxoriy xalqaro markazi” nashriyoti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu korxonalarda 230 dan ortiq xodim mehnat qilyapti.

Aziz do‘stlar!

Shu paytgacha, bugun ham ommaviy axborot vositalari uchun kadrlar tayyorlash eng muhim muammolarimizdan biri hisoblanar edi. Mana bu yil Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar institutda jurnalist va noshirlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlarining tashkil etilishi ushbu muammolarga yechim bo‘ladi, albatta.

Hurmatli ijodkorlar!

Bundan bir yil avval Prezidentimizning qarorlari qabul qilinib, davlat hokimiyati organlarida axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim topshiriqlar berilgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida viloyatimizdagi hokimlik va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat tashkilotlarida 67 ta axborot xizmati tashkil etildi. Jumladan, barcha, ya’ni 16 tuman va shahar hokimliklarida axborot xizmatlari ish boshladi, rahbarlar tanlandi, ularga maslahatchi maqomi berilib, hokim o‘rinbosariga tenglashtirildi.

Ayni paytda tuman va shahar hokimliklarining veb-saytlari to‘liq ishlamoqda. Veb-saytlarga ma’lumotlar joylashtirib borishning holatini tahliliy o‘rganish bo‘yicha haftalik monitoring o‘tkazilmoqda, saytlarning oylik baholash reytingi chiqarilmoqda.

Axborot xizmati xodimlarining malaka va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida muntazam ravishda o‘quv va amaliy seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. 51 nafar (jumladan, 16 nafar hokimliklar, 35 nafar tashkilot va korxonalar) matbuot kotiblari davlat attestatsiyasidan o‘tkazildi. Viloyatda 24 nafar faol bloger, messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yurituvchi fuqarolar bilan yaqin munosabat o‘rnatilgan.

Blogerlarni har tomondan qo‘llab-quvvatlash, ular bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida, hokimlik, hududiy boshqarma hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda turli mavzularda tanlovlar o‘tkazildi.

Sizlarni yana bir bor bugungi bayram bilan tabriklab, barchangizga ijodiy barkamollik, mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik tilayman! Kasbingizdan, fidoyi mehnatingizdan baraka toping!