Haqiqiy jurnalist – o‘z zamonining oldingi safida dadil odimlayotgan tadqiqotchisi
Satrlarga singdi necha qaynoq umrlar,
Istaganda sukunatda suhbat quramiz.
Savol-javob qiziganda ochilgan sirlar,
Ko‘rolmasdan, bosh egaroq, g‘amgin turamiz…
Yilda bir marta jurnalistlar kuni arafasida qalam ahli haqida nimadir yozish niyatida bosh qotirar ekanman, ko‘nglimdan beixtiyor she’riy satrlarga aylangan yuqoridagi fikrlar kechdi. Satrlar meni turmushning turli ko‘chalariga olib kirdi. Gazeta uchun «birinchi maqolani qachon, nima sababdan yozganimni, «Zarafshon» («Lenin yo‘li») tahririyati bo‘sag‘asidan qachon ilk bor hatlab o‘tganimni, keyinchalik uning «qozon»iga qanday tushib qolganimni, undagi ijodiy faoliyatimning g‘oyat jonli, qaynoq, quvonchli, g‘oyat g‘amgin onlarini, ustozlarimni, shogirdlarimni, do‘stlarimni, gazeta jamoasining har bir a’zosini xotirladim. Kimlarnidir ko‘rib, hol-ahvolini so‘ragim, kimlarnidir qattiq quchgim, kimlargadir bosh eggim keldi.
Satrlar, satrlar… Jurnalist shuuri, dunyoqarashi, voqea-hodisalarga faol munosabati tufayli har kuni o‘nlab, yuzlab, minglab satrlar yaratadi, oddiy qog‘ozga jon bag‘ishlaydi, uni jamiyatga, xalqqa, kelajakka kerakli muhim narsaga aylantiradi. Qog‘oz o‘z navbatida jurnalistdan minnatdor bo‘lib, uning satrlarga singgan qaynoq umrini gazeta, jurnal sahifalari, taxlamlarida ko‘p yillar, asrlar davomida ehtiyotkorlik bilan saqlaydi.
«Lenin yo‘li», «Zarafshon» taxlamlarini olib, varaqlang. Unda gazetaning asoschilarini, o‘lmas satrlar yozib qoldirgan ijodkorlarni, jurnalist sifatida tanilgach iste’dodli shoirlar, yozuvchilar safidan o‘rin olgan kishilarni bilamiz. Tanlagan kasbini har narsadan ustun qo‘ygan, kunlarinigina emas, tunlarini ham gazetaga bog‘lagan, tahririyatni o‘z uyi, oilasidan ham yaqin ko‘rgan zabardast jurnalistlar Mannob Najmiddinovni, Ahmadjon Muxtorovni, «Jurnalist deb atang, meni, do‘stlarim!» deya xitob qilgan Sur’at Oripovni, yana ko‘pdan-ko‘p qalbi qaynoq, qalami o‘tkir insonlarni ko‘rasiz.
Haqiqiy jurnalist – o‘z zamonining oldingi safida dadil odimlayotgan tadqiqotchisi. Bu darajaga erishish uchun u avvalo, ko‘p o‘qib, ko‘p o‘rganib, ensiklopedik bilimga ega bo‘lishi, keyin hayot maktabida ta’lim olishi va nihoyat, turmush teranliklariga sho‘ng‘ishi, undagi past-balandliklar, qonun-qoidalar, muammolar bilan atroflicha tanishishi lozim. Bunday murakkab yo‘lni bosib o‘tgan, yuksak talablar qarshisida dovdirab qolmasdan, o‘z vazifasini doimo a’lo darajada bajarishga intilgan, ayni vaqtda iste’dodli yoshlarga yordam qo‘lini uzatib turgan jurnalistlar kamdan-kam uchraydi. Yuqorida men nomini tilga olib o‘tgan Mannob Najmiddinov shunday insonlardan biri edi. Mening «Zarafshon» maktabiga talaba-xodim sifatida qabul qilinishimga ham Mannob aka sababchi bo‘ldi. U paytlarda Samarqanddagi «Hujum» pillachilik fabrikasida ishlab, SamDU o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetining kechki bo‘limida o‘qir edim. O‘sha paytda gazetaga korxona, ishchilar hayoti bilan bog‘liq maqolalar yozib turardim.
Kunlarning birida tahririyatning yaqinda ishga kelgan yosh xodimlaridan biri Jahongir Qo‘chqorov «Qachongacha ishchi bo‘lib yuramiz. Bir sizbop ish bor. Uni menga taklif qilishgan edi. Ko‘rib turibsiz, men gazetada ishlaydigan bo‘ldim. O‘rnimga sizni taklif qilsam, borasizmi?» deb qoldi. Gap «O‘zbekbirlashuv»ning Samarqanddagi sirtqi kooperativ texnikumi tahririyat-nashriyot bo‘limi haqida ketmoqda edi. Men o‘sha yerga ishga boradigan bo‘ldim. Muharrir vazifasida besh yilga yaqin ishladim. Texnikum tugatiladigan bo‘ldi. To‘rt-besh oy davomida «O‘qituvchi» nashriyotining taklifi bilan bir murakkab darslikni ruschadan o‘zbekchaga tarjima qildim. Keyin ish qidirib, «Zarafshon» tahririyatiga bordim. Muharrir o‘rinbosari bo‘sh joy bo‘lmaganini aytdi. Surishtirib, Samarqand tumanining «Sharq tongi» gazetasi tahririyatiga xodim kerakligini bildim va u yerga borib ishlashga qaror qildim. «Ishni boshlashdan oldin Mannob akaning oldidan o‘tayin», deb «Zarafshon» tahririyatiga kirdim. O‘shanda Mannob aka sanoat va transport bo‘limi mudiri edi. Meni hamishagidek yaxshi qarshi oldi. «Bir narsa keltirdingizmi?» deb so‘radi. Afsuski, bo‘sh qo‘l bilan keldim. «Sharq tongi»ga boryapman. Ertaga ishga kirishmoqchiman» dedim. «Nega endi «Sharq tongi»ga borar ekansiz. Shu yerda ishlaysiz!» dedi qat’iyatlik bilan. «Bu yerda bo‘sh joy yo‘q, deyishdi» dedim. «Bo‘sh joy topiladi. Redaktor bilan o‘zim gaplashaman» dedi…
Xullas, nasibam, «Zarafshon» ekan. Mannob aka Najmiddinovdek qattiqqo‘l jurnalistga shogird tushdim. Dastlab ko‘p qiynaldim. Yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi. Osonroq ishga – radioga o‘tib ketishimga sal qoldi. Endi muharrir bo‘lgan Ahmadjon aka Muxtorov yo‘l bermadi. «Ketmaysiz! Shu yerda o‘sishingiz kerak» dedi. E’tiroz bildirolmadim. Keyin ishim izga tushdi, og‘ir vazifalarni ham osongina bajara boshladim. Ahmadjon akaning aytgani bo‘ldi. O‘ttiz yil davomida adabiy xodimdan muharrir o‘rinbosari darajasigacha ko‘tarildim. Ma’lum vaqt muharrir vazifasini ham bajardim. Adabiy xodim, bo‘limlarning mudiri bo‘lib ishlaganda viloyatidagi o‘nlab sanoat korxonalari, qurilish, aloqa, xizmat tashkilotlariga takror-takror borib, rahbarlar, turli kasbdagi yuzlab odamlar bilan ko‘rishdim, gazeta uchun jurnalistikaning turli janrlarida materiallar (oddiy xabardan feletongacha) tayyorlab berdim. Ko‘pchilikning hurmat-e’tiborini qozondim. Ijodiy faoliyatim uchun «Hurmat nishoni» ordeni, medallar, bir qancha faxriy yorliq, shu jumladan, O‘zSSR Oliy Soveti prezidiumining faxriy yorlig‘i, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining mukofoti bilan taqdirlandim. Eng muhimi, gazeta ishi men uchun qaynoq hayot maktabi bo‘ldi va adabiy, badiiy ijod maydoni sari dadil odim tashlashga imkon yaratdi.
Hozirgi paytda xorijda – Qrim shahrida istiqomat qilaman. Ammo qalbim mudom Samarqand bilan. Qolaversa, yigirmadan ortiq nazmiy va nasriy kitobning, shu jumladan, uch roman, uch qissa, sakkiz doston, o‘n dramatik asarning muallifi bo‘lsam-da men o‘zimni jurnalist, deb hisoblayman. Chunki jurnalist sifatida ko‘rsatgan faoliyatim badiiy asarlarimning poydevorini hosil qildi. G‘oyat o‘tkir ko‘zli, o‘tkir so‘zli, teran mulohazali kishigina haqiqiy jurnalist bo‘lishi mumkin. Yana shuni qayd qilishim kerakki, jurnalist faqat qalbiga quloq solib ishlashi, haqiqatni yozishi lozim. Haqiqatnigina yozganni ko‘pchilik «kuchli jurnalist» deydi. Hayotimning o‘ttiz yili hayotbaxshda, yo nomi bilan atalgan «Zarafshon»ga singdi, «Zarafshon» esa mening qalbimdan o‘rin oldi. Ushbu nashrning barcha xodimlarini jurnalistlar kuni bilan chin qalbdan tabriklab, ijodiy jo‘shqinlik, parvozlar tilayman va «Doimo kuchli jurnalist bo‘lishga intilinglar!», men esa hamisha siz bilan birgaman, sizning safingizdaman!».
Iso ABDURAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.