To‘qqiz oy davomida OAV 90 ta ogohlantirish oldi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ommaviy axborot vositalariga berilgan ogohlantirish yuzasidan rasmiy ma’lumotni taqdim etdi.

"Har qanday jamiyatda ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash jarayonida muammolar bo‘lishi tabiiy. Jahon amaliyotida biror bir axborot vositasi qonunbuzarlik sodir etsa, uning faoliyatini sudga oshirish, turli jarimalar va hattoki faoliyatini to‘xtatib turishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi kuzatiladi. Bugungi sharoitda AOKA endigina oyoqqa turayotgan mustaqil OAVni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy ogohlantirish bilan cheklanmoqda va o‘z vakolatidagi boshqa choralarni hozircha qo‘llamay kelmoqda", deyilgan bayonotda.

AOKA rasmiy maqomga ega 1 ming 777 ta axborot sub’yektiga nisbatan qonun barchaga barobarligi tamoyili asosida yondashayotganini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yilda jami 150 ta – shundan teleradio kanallarga 75 ta, davriy bosma nashrlarga 65 ta, internet saytlarga 10 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborilgan.

2020 yilning o‘tgan 9 oyida jami 90 ta – shundan televideniye va radioga 39 ta (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi telekanallar faoliyatiga oid 20 ga yaqin, “Zo‘rTV” telekanaliga 7 ta, “Sevimli” telekanaliga 5 ta va boshqalarga), davriy bosma nashrlarga 29 ta (“Ishonch” gazetasiga 1 ta, “Sug‘diyona” gazetasiga 1 ta, “Bekajon plyus” gazetasiga 1 ta, “Teatr” jurnaliga 1 ta va boshqalarga), Internet nashrlariga 22 ta (“Effect.uz” saytiga 3 ta, “Nova24.uz”, “Qalampir” va “Repost.uz” saytlariga 2 tadan hamda boshqalarga) taqdimnomalar kiritilgan.

Pandemiya sharoitida biznes-sub’yektlarini tekshirib jazoga tortish bo‘yicha joriy etilgan moratoriyni, shu jumladan, axborot olishda va uni tekshirishda yuzaga kelgan ayrim qiyinchiliklarni inobatga olgan holda, Agentlik ayrim OAVda turli feyk va tekshirilmagan yoki qonunga xilof ma’lumotlar e’lon qilingani holda, ularga asosan og‘zaki ogohlantirish berish bilan cheklandi.

Agentlik shu kungacha ogohlantirish xatlari yuborilishi natijasida birorta axborot sub’yekti ma’muriy, moliyaviy yoki jinoiy jazoga tortilmaganini bildirgan. Biroq ushbu vaqtinchalik yondashuv qonunbuzarlarga umuman chora ko‘rilmasligini anglatmaydi. AOKA axborot sub’yektlarining bundan xulosa chiqarmasligi va o‘z faoliyatida tegishli talablarga qat’iy rioya etmasligi endilikda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi.