Yigirma birinchi asr - jurnalistlar asri
Inson azaldan axborotga tashna bo‘lib yashagan. Ana shu tashnalik to‘lg‘og‘i jurnalistika deb atalmish shirin, tinib-tinchimas, gohida bolakaydek o‘ynoqi, gohida yetuk yigitdek mehnatkash, gohida esa serjahl kishilardek zarbasi qaynab turadigan sohani yuzaga keltirdi.
O‘tgan davr mobaynida jurnalistika ne-ne ko‘chalarga kirib chiqmadi, deysiz. Uni tor va qorong‘i yo‘laklarda ham sudrashdi, ustiga ming xil siyosiy liboslar ildirib, bo‘yniga arqon solgandek qilib, manfaatlar yo‘lida yurishga ham majbur qilishdi. Ammo “Oltin zanglamas”, deganlaridek, jurnalistika baribir o‘z asl qiyofasini – eli uchun, xalqi uchun aniq va halol axborot uzatishdek kasbini yo‘qotmadi. Dunyo hamjamiyati bir og‘izdan yigirma birinchi asrni axborot asri deb qabul qildi.
Bu qabul jurnalistika uchun bahosi yo‘q sharaf va tan olishdir. Ammo shuni ham bilishimiz kerakki, axborot asrining zalvorli yuki biz, jurnalistlar gardanini anchagina qiynab qo‘yishi ham mumkin. Men ishonamanki, bilib, ko‘rib turib, shu og‘ir sohani o‘z ixtiyori bilan tanlagan, bugun dadil qalam tebratayotgan hamkasblarim uchun bu yukning og‘irligi uncha bilinmaydi.
Binobarin, shu yukni yengillatish, xalqimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun ko‘rsatayotgan g‘ayratlaringiz sizlarni hech qachon tark etmasin. Bayramimiz doimo har yili dunyo miqyosida tantana qilaversin, xalqaro ayyomingiz muborak bo‘lsin, hamkasblar!
Sulaymon HUSAINOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.