Shonli yo‘lni bosib o‘tgan nashr
Matbuot sohasidagi ilk faoliyatimni Samarqand viloyatining "Lenin yo‘li" (hozirgi "Zarafshon") gazetasida mashinistkalikdan boshlaganman. Filologiya fanlari doktori, professor Nuriddin Shukurov bosh muharrir, muharrir o‘rinbosari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Muxtorov edi.
Gazeta o‘z tarixi mobaynida shonli yo‘lni bosib o‘tdi. Nashrga urushdan keyingi yillarda yozuvchi Sharof Rashidov bosh muharrirlik qilgan. Uning bag‘rida sohaning ne-ne olovqalb, fidoyi namoyandalari mehnat va ijod qilishgan. Bu gazetada bugungi kunda feysbuk o‘quvchilariga yaxshi tanish Farmon Toshev boshchilik qilib kelmoqda.
Gazeta dargohiga katta muhabbat bilan kirib kelganman. Xayolimda bu ishdan ulug‘roq va muhimroq kasb-kor men uchun boshqa yo‘qdek tuyulardi. Ishimiz nihoyatda ko‘p, mashinka byurosida tiqillagan ovozi bir minut ham tinmasdi. Kechalari korrekturada ham qolib, tongda chiqadigan gazetaning xatosini tuzatish bilan mashg‘ul edik. Vaqti kelib, meni adabiyot bo‘limiga o‘tkazishdi. Jurnalistikadagi birinchi ustozim - shoir Sur’at Oripov edilar. Sur’at aka hazilkash, ochiq ko‘ngil, kamtarin, kamsuqum odam edi. Sur’at akani so‘rab redaksiyaga juda ko‘p odam kelardi.
Bekorga emas, Sur’at aka hammaning dardiga darmon bo‘lardi, mushkulini oson qilishga yordam berardi. Hamisha, har kuni ikki-uchta odam Sur’at akaga ergashib yurardi. Sur’at akani viloyat tashkilotlarida hamma tanirdi, hech kim so‘zini ikki qilmasdi. Ajab bir beg‘ubor inson edilar...
Gazetada turli yillarda taniqli ijodkorlar - Xosiyat Bobomurodova, Nusrat Rahmatov, Mirsharif Xo‘jayev, Asad Dilmurodov, Habibulla Temirov kabi qanchadan-qancha ijodkorlar ishlashgan.
Men bugungi kunda matbuot va ommaviy axborot vositalarida ishlab, sohaning barcha murakkabliklarini yengib kelayotgan kasbdoshlarimizni bayram bilan muborakbod etaman va hormang, hamisha bor bo‘ling, deyman.
Dilbar SAIDOVA.