Erkinjon Turdimov opa-singillarimizning enaga yoki oqsochlik qilishini ommalashtirishni taklif qilmoqchi emas
Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan fikrlar va takliflar bildirildi. Mazkur yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tomonidan bir qator takliflar bayon etildi. Ammo Turdimovning “Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o‘rgatishimiz kerak” degan fikri kontekstdan ajratib olingan holda, ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati o‘z munosabatini bildirdi. Unda jumladan shunday deyiladi:
“Avvalo, shuni ochiq aytishimiz lozimki, bugungi kunda mehnat bozorida malakasiz ishchi kuchi juda ko‘p. Va sir emaski, bugun mamlakatimizda enagalik, oqsochlik xizmat turiga ehtiyoj katta.
Biroq, hozirda bu ishni ayrim “tadbirkorlar” biznesga aylantirib olgan holda, enaga va oqsoch topib berish “xizmati” ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib olgan. Ammo, ular bu xizmatni ko‘rsatuvchi ayollarimizning salomatligi, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmayapti va kafolatlamayapti.
Shu sababli, mehnat bozorida uy yumushlariga va bolalar parvarishiga ko‘maklashadigan enaga, oqsoch xizmatiga ehtiyoj bor ekanmi, mazkur faoliyat turini qonuniylashtirish, ya’ni bu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimizga o‘z huquqlarini o‘rgatish maqsadida o‘qitish, ularni uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish bo‘yicha malakasini oshirishni amalga oshiruvchi maxsus markazlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur markazlarda malakasini oshirgan ayollarimizni qonuniy asosda tashkil etiladigan maxsus idora (firma)lar orqali shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishlarini yo‘lga qo‘yish, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, nafaqa yoshiga yetganlarida pensiya olishlarini kafolatlash mexanizmi yaratilishi lozim.
Bu orqali, chet mamlakatlarda aynan shu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimizning ham qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilmoqda. Hech kimga sir emas, hozirda Rossiya, Isroil, Turkiya va boshka ko‘plab chet mamlakatlarda ayollarimiz aynan shu xizmat turi bilan shug‘ullanib kelishmoqda, lekin ularning qonuniy huquq va manfatlarini himoya qilish yuzasidan biror bir hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Bu esa, ko‘p holarda ularning huquqlari buzilishiga, kamsitilishiga va boshqa zo‘ravonliklar (tazyiqlar ostida qolishiga) kelib chiqishiga olib kelmoqda. Hattoki, hozirda mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchilar soni haqida biror bir idorada rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Biz qayd etib o‘tgan mexanizm asosida bosqichma-bosqich ish tashkil qilinishi, mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanayotganlar haqida aniq hisob yuritilishiga, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga, bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, ayollar va yoshlarimizni kasbga o‘rgatish orqali, boshqa xizmat turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratadi.
Shu o‘rinda, ayrim mehmonxonalarda ham shunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarda tajriba yoki malaka yetishmasligi oqibatida biror xatolikga yo‘l qo‘ysa, ularning qonuniy huquqlari poymol etilayotganligi kabi holatlar ko‘plab kuzatilayotganligi ham barchamizga ma’lum.
Albatta, biz qadrli opa-singillarimizni enaga, oqsochlik qilishlarini targ‘ib etmoqchi yoki buni ommalashtirishni taklif qilmoqchi emasmiz va bu fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Biz, yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarimizning huquq va manfaatlari qonuniy himoya qilinishi va bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi lozim deb hisoblaymiz”.