Erkinjon TURDIMOV, Samarqand viloyati hokimi: Inspeksiyalar tomoshabin bo‘lmasin!
Bu gapni bejizga aytmayapman. Deyarli barcha sohalar bo‘yicha aniq manzillarda har kuni tahlillar, suhbatlar o‘tkazamiz. Mas’ullarga chora ko‘ramiz, ishni tezlashtirish tadbirlarini belgilaymiz. Ammo...
Sohalar bo‘yicha davlat inspeksiyalari doimo chetda qoladi. Vaholanki, ular ham ijro organi hisoblanadi. Ular ham u yoki bu tarmoqdagi o‘zibo‘larchilik, qonunbuzarliklar uchun javobgar. Lekin birorta inspeksiya bo‘layotgan voqealarga ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida, hech bo‘lmaganda, viloyat nashrlarida munosabat bildirmaydi. Faqat rejasidagi topshiriqni bajargani haqida yuqori tashkilotiga axborot beradi, xolos.
Menimcha, barcha davlat inspeksiyalarini jonlashtirish lozim. Ular ham brifing va matbuot konferensiyalari uyushtirsin. Matbuot orqali joylardagi o‘zgarishlar va kamchiliklarga munosabat bildirib borsin. Hatto xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida ularning hisobotlarini eshitishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Ba’zan ular “bizga tekshirishga ruxsat etilmagandi” yoki “bu dastur ijrochisi biz emas”, deb qutulishadi. Mayli, tekshirishmasin. Ammo mavjud muammoni o‘rganib, soha xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berish ularning vazifasi emasmi?