Erkinjon Turdimov yangi loyiha boshladi: Siz Samarqandni sevasizmi?

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov yana bir tashabbusga qo‘l urdi. Viloyat ahliga “Siz Samarqandni sevasizmi? Samarqandning buguni va ertasiga befarq emasmisiz? Samarqand yana ham obod, ko‘rkam, chin ma’noda yer yuzining sayqali bo‘lishini istaysizmi?” degan savollar bilan murojaat qilib, http://sqabul.uz/ sayti orqali o‘z fikr, tashabbus va g‘oyalarini bildirishlarini so‘radi.

“Balki, sizni viloyatimiz hayoti bilan bog‘liq biror muammo, nuqson, kamchilik tashvishlantirar. Hech ikkilanmay yozib yuboring, masalaga birgalikda yechim topamiz!

Unutmang, jamoatchilik nazoratisiz hech bir soha va tarmoqda kutilganidek, xalqni rozi qiladigan o‘zgarish qilish qiyin. Shuning uchun hammamiz birgalashib yurt ravnaqiga hissa qo‘shaylik, muammolarni birgalikda hal qilaylik!

Samarqandni shu zaminda yashovchi, uni sevuvchi, ertasiga befarq bo‘lmagan kishilar rivojlantiradi.   

Siz bizning safimizdamisiz?” deb yozadi E.Turdimov.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 26 noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi hududlarni yanada obod qilish, joylarda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etishga jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish va buning uchun elektron platforma yaratish zarurligini ta’kidlagandi.