Erkinjon Turdimovning bu galgi sayyor qabuli 7 soat davom etdi
Avval xabar berganimizdek, viloyat hokimi E.Turdimov 26 aprel kuni Samarqand shahrida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazdi.
Unda shahar aholisi bilan birga viloyatimizning boshqa hududlaridan ham fuqarolar ishtirok etdi.
– 23 yoshdaman, lekin shu paytgacha muddatli harbiy xizmatga bora olmadim, – deydi Bulung‘ur tumani Yangiariq mahallasida yashovchi Jamshid Bobojonov. – Orzuim armiyada xizmat qilish. Shu sababli bugun qabulga kelib, bu haqda viloyat hokimiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Mutasaddilar “Vatanparvar” tashkilotining olti oylik kursida o‘qishim, keyin harbiy xizmatga borishimni tavsiya qilishdi. Hujjatlarimni tayyorlab keladigan bo‘ldim.
7 soatdan ortiq vaqt davom etgan ommaviy sayyor qabulda 272 nafar fuqaroning muammolari, taklif va mulohazalari tinglanib, ularni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning aksariyatini qurilish va arxitektura, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlariga oid masalalar tashkil etdi.
Muddat talab etiladigan murojaatlarga mas’ullar biriktirilib, ijrosi viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olindi.
Murojaatlar ijro holati 1 may kuni viloyat hokimligida muhokama etilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, E.Turdimovning 2018 yil 14 oktyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkazgan sayyor qabulida 300 ga yaqin murojaat qabul qilingan edi.