Erkinjon Turdimovning sektorida joriy yilning birinchi choragida 7700 ga yaqin masala o‘rganildi
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha Samarqand viloyati hokimining sektori (1-sektor) shtablariga viloyatdagi 32 ta idora va tashkilotlardan mas’ul xodimlar biriktirilgan.
Ushbu xodimlar joriy yilning birinchi choragida uyma-uy yurish orqali 58 ming 800 xonadonni o‘rgandi. O‘rganilgan xonadonlarning 7017 tasida 7692 muammo borligi aniqlangan. Aniqlangan masalalarning 5 651 tasiga ijobiy yechim topilgan. Jumladan, og‘ir sharoitda yashayotgan 48 oilaning turar joyi ta’mirlandi, nogironligi bo‘lgan shaxslar, sharoiti o‘ta og‘ir oilalarning 379 nafari uy-joy bilan ta’minlandi.
1838 nafar fuqaro xonadoniga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilib, 976 nafar fuqaro ishli bo‘ldi, 845 nafar yurtdoshimiz malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, dori-darmon bilan ta’minlandi.
Moddiy yordamga muhtoj 408 nafar oilaga moddiy yordam berilib, 287 nafar fuqaroga kadastr hujjatlari va uy-joyga egalik huquqi, 29 fuqaroga pasport hujjatlari taqdim qilindi. 252 nafar tadbirkorga kredit olishda yordam ko‘rsatildi va 41 oiladagi nizolar bartaraf etildi. 354 nafar fuqaroning elektr energiyasi, ichimlik suvi, ko‘mir ta’minoti bilan bog‘liq masalalariga yechim topildi.
Viloyatning Past Darg‘om, Narpay, Payariq, Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlarida aholining hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, fuqarolar bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazildi. Buning samarasida aholi tomonidan bildirilgan 1401 murojaatning 1191 tasi hal etildi. Viloyat hokimining telegramm messenjeri orqali kelib tushgan 2700 dan ziyod murojaatning 2341 tasiga yechim topildi.
Bulardan tashqari, fuqarolarning muammolarini tezkor o‘rganish maqsadida viloyat hokimligining ishonch telefonlari, yozma murojaatlarni qabul qilish bo‘limi ham faoliyat yuritmoqdaki, bu Prezidentimizning «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan tamoyili turmushimizga to‘laqonli tatbiq etilganining yorqin ifodasidir.