Eron hukumatga qarshi norozilik namoyishlari ostida

Inson huquqlari faollarining xabar berishicha, Eronning Kurdiston viloyatidagi Senendej shahrida xavfsizlik kuchlari tinch namoyishlarni bostirish uchun o‘qotar qurol va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab mobil aloqa va internetda uzilishlar kuzatilmoqda.

Hukumat harakatlariga qaramay, Eronda norozilik harakati bosilmayapti. Talabalar ham ko‘chaga chiqishmoqda, ayollar hijoblarini yechib uloqtirib, hatto ayrim hollarda huquq-tartibot idoralari xodimlari namoyishchilar tomoniga o‘tib ketyapti.

Huquq faollarining hisob-kitoblariga ko‘ra, hukumatga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri 100 dan ortiq odam, jumladan, 20 ga yaqin o‘smir halok bo‘lgan, 5 mingdan ortiq yoshlar hibsga olingan. Namoyishlar va ish tashlashlar deyarli butun mamlakatni qamrab oldi.