Eron Iroqdagi AQSh bosh konsulligi va xalqaro koalitsiya ob’yektlariga zarba berdi
Eron Iroqning Erbil shahridagi AQSh bosh konsulligi va xalqaro koalitsiya ob’yektlariga raketa zarbalari berdi. Bu haqda «The Guardian» xabar berdi, deb yozmoqda bugun.uz.
Ma’lum qilinishicha, Iroqning shimoliy kurd mintaqasi poytaxti Erbil shahriga bugun, tongda 12 ta ballistik raketa bilan zarba berilgan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bir nechtasi AQSh konsulligi binosi yaqiniga tushgan, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Iroq va AQSh rasmiylari zarba sabab yetgan zarar haqida turlicha ma’lumot berdi. AQSh rasmiylaridan biri AQSh hukumati muassasasida hech qanday vayronagarchilik va qurbonlar yo‘qligini, nishon konsullik binosi bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini aytdi.
Bag‘doddagi iroqlik mulozim esa dastlab konsullikka bir nechta raketa tushgani va hujum nishoni aynan shu yer bo‘lganini aytdi. Keyinroq Kurdistonning xorijiy ommaviy axborot vositalari bo‘limi rahbari Lok G‘afariy raketalarning birortasi ham AQSh ob’yektiga tegmaganini, ammo majmua atrofidagi hududlarga zarba berilganini ma’lum qildi.
Ismini oshkor qilishni istamagan AQSh mudofaa vazirligi vakilining aytishicha, aniq qancha raketa uchirilgani va ular qayerga tushgani aniq emas. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi buni «Iroq suverenitetiga qarshi hujum va zo‘ravonlik namoyishi» deb baholadi. Erbil sog‘liqni saqlash vazirligi qurbonlar yo‘qligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Erbil gubernatori Omid Xoshnav aytishicha, zarbalardan ko‘zlangan maqsad AQSh konsulligimi yoki IShID guruhiga qarshi kurashayotgan AQSh boshchiligidagi koalitsiya bazasi joylashgan aeroportmi, aniq emas.
Kurdiston bosh vaziri Masrur Barzoniy o‘z bayonotida: «Biz Erbilning bir qancha hududlariga qarshi uyushtirilgan ushbu teraktni qoralaymiz, aholini xotirjamlikka chaqiramiz», deya qayd etdi.