Eron MAGATEga yadroviy inshootlarni tekshirishga ruxsat beradi

Eron MAGATE inspektorlariga mamlakat yadroviy inshootlarini tekshirish va kuzatish imkonini beradi.

“Eron ixtiyoriy ravishda MAGATEga tekshirish va monitoring bo‘yicha tegishli harakatlarni amalga oshirishga ruxsat beradi”, — deyiladi MAGATE rahbari Rafael Grossining Eronga tashrifi yakunlari bo‘yicha bayonotda.

Qayd etilishicha, “aniq shartlar yaqin orada Tehronda bo‘lib o‘tadigan texnik uchrashuv doirasida tomonlar tomonidan kelishib olinadi”.

MAGATE rahbari Eronga 3 mart kuni yetib keldi. Bu Grossining 2019 yil dekabrida agentlikni qabul qilganidan beri Eronga to‘rtinchi tashrifi. Tashrif MAGATE Boshqaruvchilar kengashining dushanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yig‘ilishi arafasida amalga oshirilmoqda.

Oldinroq Eron yadroviy energetika agentligi rahbari Muhammad Islomiy bu tashrif “Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini jonlantirish bo‘yicha muzokaralarni ochilishiga” umid bildirgandi.