Eronda halokatli qor ko‘chkisi ro‘y berdi

Tehron yaqinidagi Elburs tog‘larida bir nechta katta qor ko‘chkisi yuz berib, kamida 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Eron alpinizm federatsiyasi tibbiyot qo‘mitasi rahbari ma’lumotiga asoslanib Eron matbuoti xabar bermoqda.

Bedarak yo‘qolgan yana bir necha kishini qidirish davom etmoqda. Qutqaruv guruhlari vertolyotlar yordamida qidiruvni davom ettirmoqda. So‘nggi bir necha kundan buyon Eronning bir qator mintaqalarida to‘xtovsiz qor yog‘moqda.

Poytaxt aholisi orasida mashhur bo‘lgan tog‘ chang‘isi kurortlari aynan Elburs tog‘larida joylashgan. Bu yerda qor ko‘chkisi kamdan-kam ro‘y bergan. Oxirgi halokatli voqea 2017 yilda sodir bo‘lgan edi. O‘shanda o‘n bir kishi vafot etgan.