Eronning Sheroz shahrida terakt sodir etildi, o‘nlab qurbonlar bor

Eronning Sheroz shahrida joylashgan Shoh Cherak maqbarasida sodir etilgan terakt tufayli 20 kishi halok bo‘ldi, bir necha o‘nlab odamlar yaralandi, deya xabar bermoqda «Mehr» mamlakat hukumati vakillariga tayanib.

“Eron rasmiylariga ko‘ra, chorshanba kuni tushdan keyin uch nafar qurolli noma’lum shaxs Shoh Cherax maqbarasiga bostirib kirib, kamida 20 kishini o‘ldirgan, yaralanganlar ko‘p ”, — deb yozadi agentlik.

Qayd etilishicha, xavfsizlik kuchlari ikki jangarini hujumga aloqadorlikda gumon qilib qo‘lga olgan, uchinchisi esa qidiruvda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujumni mamlakatdagi so‘nggi tartibsizliklardan foydalangan terrorchilar amalga oshirgan.

Sentyabr oyida Eronda hijob o‘rash qoidalarini buzgani uchun xulq politsiyasi tomonidan hibsga olingan yosh ayolning o‘limi ortidan hukumatga qarshi namoyishlar boshlandi. Politsiya ayolning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lganini, oilasi esa uning sog‘lig‘ida, xususan, yurak-qon tomir tizimida hech qanday muammo bo‘lmaganligini ta’kidlagan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bir oydan ziyod davom etgan tartibsizliklar yuzlab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan.