Bugungi yuqori namlik sharoitida mevali bog‘larda qanday agrotexnik tadbir bajarilishi kerak?
Yanvar, fevral oylarida havo harorati o‘tgan yillarga nisbatan ancha iliq bo‘lib, mart oyida yog‘ingarchilikning ko‘p kuzatilishi mevali bog‘larda bir qancha kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Jumladan, urug‘ mevali daraxtlarda – parsha (xalq tilida qo‘tir), kalmaraz, un shudring, monilioz, qora rak, danak mevali daraxtlarda – klyasterosporioz yoki teshikli dog‘lanish, monilioz, un shudring kabi kasalliklar tarqaladi. 18-20 mart kunlari viloyatimizga kirib kelayotgan sovuqda daraxtlarni yaxshi saqlash, shuningdek, undan keyingi kunlarda dehqonlarimizdan bu kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurash uchun bir qator choralarni qo‘llash talab etiladi. Bu haqda mutaxassislar fikriga e’tibor qaratamiz.
TDAU Samarqand filiali kafedra mudiri Alisher Mahmatmuradov:
- Agrotexnik va sanitariya choralari - bog‘larni yuqori agrotexnik talablarda parvarish qilish, oziqlantirish, sug‘orish, hasharotlarga qarshi kurashish lozim. Kasallik qo‘zg‘atuvchi patogen zamburug‘larning qishlovchi avlodini yo‘q qilish maqsadida daraxtlar orasi ochiq bo‘lishi, ularning yomg‘irdan keyin tez qurishi uchun shamol aylanishini yaxshilash lozim. Daraxt tagini butash, qurigan, kasallangan shoxlarni kesish talab etiladi.
Daraxtlarni har gal yomg‘irdan keyin 5-8 marta fungitsidlar bilan ishlov berish tavsiya etiladi. Daraxtlar kurtak yozishidan oldin quyidagilardan biri sepiladi: bordo suyuqligi 3-4 foiz, mis oksixlorid 90 foizli namlanuvchi kukunning 0,3-0,5 foizli eritmasi, oltingugurt ohak qaynatmasi (ISO) 5° eritmasi. Har gal ushbu eritmalardan biri almashlab sepiladi, ya’ni bir safar bordo suyuqligi sepilsa, ikkinchi safar mis oksixlorid 90 foizli namlanuvchi kukunning 0,3-0,5 foizli eritmasi yoki oltingugurt ohak qaynatmasi (ISO) 5° eritmasi sepiladi.
Kafedra dotsenti Norjigit Nishonov:
- Bakterial kuyish kasalligiga qarshi kurtaklar bo‘rtayotgan vaqtda, gullashdan oldin olma, behi va nokning barcha navlarini mis kuporosi (yoki xloroksidi) yoki 0,5–1 foizli bordo suyuqligi bilan ishlov berish, sepgandan so‘ng yomg‘ir yog‘sa qayta sepish lozim. Shuningdek, bakterial kuyish kasalligi mavjud bo‘lgan bog‘larga ari uyalarini olib kirmaslik va kasallikni tashuvchi bitlarni (shiralarni) nazorat qilish (5 foizli moyli preparatlar yordamida) kerak bo‘ladi.
Gullash vaqtida bir yoshli daraxtlarning barcha gullarini ochilishidan avval olib tashlash zarur. Bir yoshli daraxtlarning gullari g‘uncha payti olib tashlansa, ularning bakterial kuyish kasalligiga chidamliligi oshadi. So‘ngra kesilgan joyga 1 foizli mis kuporosi (yoki mis oksidi) eritmasi sepiladi. Eritma 1,5 litrli idishga tayyorlanadi.
O‘sish davrida har 7-10 kunda bog‘ni ko‘zdan kechirib, bakteriyadan zararlangan novdalarni kesib tashlash, kasallik tashuvchi so‘ruvchi zararkunandalarni nazorat qilish kerak. Yozgi kesishni o‘sish to‘xtaganda, ya’ni iyun oyida bajarish maqsadga muvofiq.