Yevropa: yong‘in va o‘t qo‘yuvchilar bilan kurash ketmoqda
Qariyb ikki haftadan buyon Turkiyada o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Rasmiylarning ishontirishicha, ularning aksariyati nazoratga olingan. Hozir barcha sa’y-harakatlar Mug‘la viloyatidagi yong‘inni o‘chirishga qaratilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan. Jabrlanganlar - mingga yaqin. Sanoqsiz o‘rmon jonivorlari – hayvon va qushlar nobud bo‘lgan.
Italiyaning Campomarino kurort shahri yaqinidagi yong‘in yuzlab aholi va sayyohlarni uy, mehmonxonalar, lagerlarni shoshilinch ravishda tark etishga majbur qildi.
Yong‘in temir yo‘lga yaqinlashdi. Shu sababli Peskara-Foja yo‘nalishidagi poyezdlar harakati to‘xtatildi.
Bu orada Italiya politsiyasi o‘t qo‘ygan shaxsni aniqlash bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi. Yong‘in o‘choqlari o‘rganilib, yashirin kameralar o‘rnatildi. Jinoyatchi 50 yoshli dehqon bo‘lib chiqdi. U hibsga olingan.
Ayni paytda Bosniya va Gersegovinaning Xorvatiya bilan chegarasida katta o‘rmon maydoni yonmoqda. 40 daraja issiq va kuchli shamol yong‘inga qarshi kurashishga to‘sqinlik qilyapti.
Gretsiya o‘t o‘chirish boshqarmasi tergovchilari uch kun ichida qasddan va beparvolik bilan o‘t qo‘ygan o‘ndan ortiq odamni hibsga oldi.
Ma’lum qilganimizdek, Gretsiyada so‘nggi 40 yil ichida rekord issiqlik qayd etildi. O‘tgan haftada, ba’zi hududlarda havo harorati 47 darajaga etdi. Mamlakatda bir haftadan buyon kuchli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda.