Yevropada ham ehromlar borligini bilasizmi?
Bu bahri-muhitda shunday joylar, jonivorlar borki, ular haqida eshitib, beixtiyor “Yo‘g‘-e!”, deb yuborasiz. Quyida berilayotgan xabarlar ham sizni hayratlantirmay qolmaydi.
Qo‘ng‘iz bahodir
Agar hajmiga, kuch mutanosibliga qarab e’tibor berilsa, dunyoda eng polvon jonivor go‘ng-qo‘ng‘iz hisoblanar ekan.
Olimlar o‘tkazgan laboratoriya eksperimentlarida go‘ng-qo‘ng‘iz o‘z og‘irligidan 1141 marta ko‘p og‘irlikni tortishi ma’lum bo‘ldi. Agar odamzot ham shunday kuchga ega bo‘lganida 82 tonnani bemalol torta olardi.
Zaharli chumoli
Avstraliyaning qirg‘oqbo‘yi hududlarida yashovchi chumoli – buldog dunyoda eng xavfi yuqumli hashorat hisoblanadi.
U o‘ta tajovuzkor, zaharli va odamlardan mutlaqo qo‘rqmaydi. Ushbu yovuz chumoli bilan to‘qnashuv oqibatida odamlarning uch o‘lim holati qayd etilgan.
Jom minorasi
Balandligi bo‘yicha jahonda Dehlidagi pishiq g‘ishtdan qurilgan Qutb minorasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Jom minorasi Afg‘onistonning shimoliy-g‘arbiy qismida ko‘kka bo‘y cho‘zgan.
U XII asr oxiri va XIII asr boshlarida bunyod etilgan. Uning mukammal tuzilishi, hayratomuz naqshlari o‘rta asr afg‘on quruvchilari mahoratidan darak beradi. Pishiq g‘ishtdan qurilgan bu noyob arxitektura asari hamon kishini lol qoldiradi. Uning balandligi 65 metr.
Elliniko ehromi
Yevropada ham ehromlar borligi kishiga g‘alati tuyuladi. Ammo bu bor gap. Birgina Gretsiyada ular 26 ta. Eng mashhuri mamlakatning Argold tekisligida joylashgan Elliniko ehromi.
U haqda qadimiy qo‘lyozmalarda eslatilganidan boshqa ma’lumotlar yo‘q. 1995 yilda arxeologlar Elliniko eramizdan avval 2720 yilda qurilgan, degan xulosa kelgan. Bu Misrda 2650 yilda barpo etilgan Joser ehromidan salkam 100 yil oldin qurilgan, degani. Agar bu sana to‘g‘ri bo‘lsa Elliniko dunyodagi eng qadimiy ehrom bo‘lib chiqadi.
Ammo eng sirli jumboq uning yoshida emas: uni kim, nega, nima maqsadda qurgan, qanday vazifani o‘tagan, degan savolga javob yo‘qligida.
T.Shomurodov tayyorladi.