Ezgu g‘oya va istiqbolli rejalari bo‘lgan yoshlarni qo‘llaylik, shunda ko‘plab salbiy illatlar o‘z-o‘zidan kamayadi
Bugun yoshlarni nima qiynayapti? Ularning rejalari, yutuqlari, muammolari bilan kim shug‘ullanyapti? Qachon, qay payti, qayerda ular bilan suhbatlashyapti, qanday ko‘mak beryapti?
Bu boradagi holat talab darajasida bo‘lmaganligi bois davlatimiz rahbari yoshlarning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida achchiq, ammo haq gaplarni aytdi, bu esa barcha rahbarlar uchun yana bir bor chaqiriq bo‘ldi.
O‘zbekistonda yoshlarimiz aholi sonining 55 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich va raqamlar juda katta mas’uliyat va yondashuvni talab qiladi. Yoshlar mamlakati deb e’tirof etish yaxshi, lekin ularning har birining bugungi kuni va ertasi uchun har birimiz mas’ul va javobgarmiz.
2021 yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nomlanishi va davlat dasturi doirasida amalga oshirish zarur bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi, mexanizmlari belgilab berilgan.
Joylarda “Yoshlar daftari” va uning yuritilishi borasidagi ishlar mutasaddi rahbarlar tomonidan nazoratga olingan va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Lekin bir muammo bir necha oqibatlarga sabab bo‘lmoqda. Bu - ishsizlik muammosi. Davlatimiz rahbarini ham chuqur tashvishga solayotgan masala shu.
Bugun amalga oshirilayotgan har bir islohotlar va istiqbolli rejalarimiz aholi turmush tarzini yaxshilash, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kerak.
Nafaqat sektor rahbarlari, balki har bir vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan fuqaro, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topgan barcha turdagi rahbarlar, tadbirkorlar, fermerlar, yirik ishlab chiqarish korxona rahbarlari yoshlar bilan uchrashib, master-klasslar tashkil etish, ularni katta hayotga tarbiyalash, kasb-hunar o‘rgatish, tadbirkorlik borasida dastlabki ko‘nikma shakllantirish uchun ko‘maklashish zarur. Shundagina tadbirkorlik va kichik biznes sohasi rivoj topadi. Yoshlarimiz kelajakda nafaqat o‘zi, balki yonidagi ko‘plab yoshlar bandligini ta’minlashga erishadi.
Prezident ta’kidlaganidek, bizning boshqa yo‘limiz yo‘q. Ya’ni, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga o‘rgatish eng dolzarb masala. Zero, yoshlarimiz ilmli, bilimli va shijoatli, biror bir ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, kasb-hunarli bo‘lsa jamiyatimizga zid bo‘lgan ko‘plab salbiy illatlar o‘z-o‘zidan kamayadi.
Shavkat Jalolov,
Oliy Majlis Senati a’zosi.