Farmon loyihasi Samarqand xalq ta’limi xodimlari tomonidan muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqilmoqda

Ayni kunlarda yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantirish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan farmon loyihasi keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu masalada Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasida ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov, xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov, boshqarmaning bo‘lim boshliqlari hamda tuman, shahar studiyalarida bo‘lim mudirlari va maktab direktorlari ishtirok etdi.

Farmon loyihasida xalq ta’limi sohasida joriy etilishi ko‘zda tutilayotgan muhim yangilik va o‘zgarishlar soha vakillarining e’tibor markazida bo‘ldi. Loyihaga ko‘ra, maktab bitiruvchilarining 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinishi, o‘qituvchilarning oylik maoshi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha oshirilishi, sinf rahbarlari, maktab direktori va o‘rinbosarlarining faoliyatiga ko‘ra, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, umumta’lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish nazarda tutilayotgani qo‘llab-quvvatlandi.

Onlayn yig‘ilishda farmon loyihasi qisqa fursatda viloyatning barcha umumta’lim maktablari o‘qituvchilarigacha yetib borishi zarurligi, unda nazarda tutilgan chora-tadbirlarga o‘z takliflari bilan ishtirok etishi mumkinligi, muhimi, ushbu dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan jarayonda faol ishtirok etish lozimligi ta’kidlandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.