Farzandini kanalga cho‘ktirgan ota 18 yil ozodlikdan mahrum etildi
2019 yil 25 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi sudyasi S.Mamadaliyeva raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida alimentdan qutulish uchun o‘z farzandini qasddan o‘ldirgan otaga hukm o‘qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi T.Temirov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) farzandini o‘ziga o‘xshamasligidan shubha qilib, turmush o‘rtog‘i G.Temirova bilan janjallashib, hamisha kamsitib kelgan.
Oqibatda G.Temirova o‘g‘lini olib, qizlik uyiga ketib qoladi va farzandi uchun aliment olish uchun sudga murojaat qiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi da’voni qanoatlantirib, G.Temirova foydasiga farzandi uch yoshga to‘lgunga qadar T.Temirov topgan daromadining 70 foizini aliment tariqasida to‘lab borishini va onasi ishtirokida bolasi bilan har hafta shanba, yakshanba kunlari uchrashishni belgilaydi.
Ushbu hal qiluv qaroridan foydalangan ota aliment pulini to‘lashdan qutulish maqsadida G.Temirovaning xonadoniga farzandini ko‘rgani keladi va har nimani bahona qilib, 2018 yilning iyul oyida tug‘ilgan Sh.Temirovni olib qochadi. So‘ngra Shimoliy Farg‘ona kanali oldiga olib kelib, o‘g‘lini kanalga tashlab yuborib, qasddan o‘ldiradi.
Bir necha kun o‘tib, bolaning jasadi “Obi Sado” nomli oshxona yonidan oqib o‘tgan kanaldan topilgan.
DNK biologik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, bola T.Temirov va G.Temirovalarning farzandi ekanligi tasdiqlangan.
Sudlanuvchi T.Temirov sudda qilmishidan pushaymon ekanligini aytib, o‘zining jinoiy qilmishiga to‘liq iqror bo‘ldi.
Sud hukmiga ko‘ra, T.Temirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v,i” bandlari bilan 18 (o‘n sakkiz) yil ozodlikdan mahrum etildi.
Akramjon ARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.