Foydali narsadan foydalanmaslik – zarar
Ba’zan bir voqea boshqasini yodga soladi.
Samarqand shahriga yaqin bo‘lgan Sochak qishlog‘idanman. Men tug‘ilgan vaqtlar Sochak mayizining dong‘i yetti iqlimga yetgan. Dehqonlar uzumdan gektariga 350-400 sentnerdan hosil olishgan. Ularning 8 nafari mehnat qahramoni bo‘lgan.
O‘rta maktabda o‘qib yurgan vaqtlarim, ya’ni 45-46 yillar ilgari, tumandagi “Sharq tongi” gazetasining shtatsiz muxbiri sifatida tokdan mo‘l hosil olish siri haqida maqola yozganim esimda. O‘shanda keksa dehqonlar bilan suhbatlashgandim. Tok kundasi obdan ochilib, atrofi ikki ketmon chuqurlikda ag‘darilishi va ildiziga boradigan qilib, eski devor kesagiga aralashtirgan holda mahalliy o‘g‘itni juyaklarga qalin qilib to‘kib chiqilishi mo‘l hosil garovi ekanini aytishgandi ular. Mahalliy o‘g‘it esa asosan ot aravada, shahardan tashib kelinar, buning uchun qishloqdagilar qishda shahar mahallalariga borib, aholi hojatxonalarini kim tozalab olishini belgilab kelisharkan.
Shahar hovlilaridagi hojatxonalar axlatini ekin maydonlariga chiqarish bo‘yicha yigirma yillar ilgari yaxshi bir tizim ishlab chiqilgandi. O‘shanda epidemik kasalliklar bo‘lmagani uchun bu ishga sanitar nazorat idoralari xodimlari mas’ul etib belgilanib, maxsus sanitar tozalash mashinalari – assenizatorlar karvoni yaqin tumanlarning g‘alla va paxta maydonlarini yashnatish uchun yo‘lga chiqar, ularning tinimsiz qatnovi odatiy holga aylangandi.
Endi bu voqealar nega yodimga tushganini aytay.
Avvalo gapimni olib borilayotgan xayrli ishlardan boshlasam. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi 322-son qaroriga asosan Samarqand shahri hududidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘lim tashkil etildi. Bu bilan nihoyat shahardagi tabiiy suv tarmoqlari atroflarini obodonlashtirish ishlari ekologiya va sanitariya qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiq amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Samarqand shahrida jami 6 ta (Bog‘ishamol, Siyobcha, Shaar, Chashma, Jar ariq, Obi Rahmat va Obi Mashhad) kanal va kollektorlar mavjud bo‘lib, ular shaharning 98 ta mahalla hududidan 65 kilometr uzunlikda oqib o‘tadi.
Uzoq yillar davomida tabiiy suv tarmoqlari muhofaza zonasini saqlash bo‘yicha yetarli nazorat o‘rnatilmagani ushbu ariqlar atrofida turli qurilmalar bunyod etilishiga, hatto ayrim bino va inshootlar ariqlar ustida qurilgani suv yo‘lining to‘silishiga, kanallarning o‘tkazuvchanlik sig‘imining torayib, natijada ko‘plab fuqaro xonadonlarining suv bosishiga olib kelgandi. Ayni vaqtda kanal va kollektorlar muhofaza zonasini tiklash bo‘yicha sezilarli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, qoidaga zid qurilishlar buzilib, qonunga bo‘ysunmaganlarga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi qarori asosida javobgarlarga tegishli choralar qo‘llanilmoqda.
Oqsaroy fuqarolar yig‘ini raisi Fazilat opa Yorqulova bilan Rudakiy nomli 5-tor ko‘chaning Siyobcha kanali yoqasida joylashgan hovlisini ko‘zdan kechiryapmiz. Kanalning narigi tomoni Yoshlik mahallasiga tegishli. Hovlilardagi hojatxonalar kanal yoqasidan ko‘chirilgan. Qirg‘oq bo‘ylab har ikki tomonning ma’lum qismida texnikalar yordamida tozalash ishlarini olib borish uchun imkoniyat yaratilgan. Har bir xonadon egasiga oqava suvlarini kanalga oqizmaslik, qirg‘oqlar bo‘yi obod bo‘lsa, oila a’zolari dam oladigan joyga aylanishi, nasib bo‘lsa, shaharning har bir arig‘ida toza suv oqishiga erishish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani haqida tushuntirish berarkanmiz, darhaqiqat Siyobcha kanali suvining oldingiga nisbatan ancha toza bo‘lib qolgani diqqatimni tortdi va unga atrofdagilarning ham e’tiborini qaratdim.
- Koshki hamisha shunday oqsa, - dedi hovlilardan birining sohibi Hikmat aka Rizayev. – Oqava qo‘shiladimi suvga, kunida ikki-uch bor suv shunday qorayib oqadiki, rangi mayli, hidiga chidab bo‘lmaydi.
Bir necha kun oldin shahar obodonchilik boshqarmasi mutasaddisi Nuriddin Salixov ham Siyobcha kanali muammosi haqida fikr bildirganda shunga o‘xshash gapni qilgandi.
Otaxonning gapini qo‘shnilar ham tasdiqlagani uchun masalani orqaga surmaslik maqsadida shahar oqava tarmog‘iga mas’ul bo‘lgan “Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbari Komil Yusupovga sim qoqdim. Qayerda turganimizni so‘rab, o‘zi ham yaqin atrofda ekanmi, hoziroq huzurimizda bo‘lishini aytdi.
- Siyobcha kanaliga oqava suvlari qo‘shilmaydi, - dedi ishonch bilan MChJ rahbari. - Lekin kanal suvining ifloslanish sababini bilsam kerak. Taxminimcha, bu assenizator haydovchilarining ishi. Ilgari ular hojatxona axlatini oqava qudug‘iga tashlashgan. Biz bunga chek qo‘yganimizdan keyin, ular noiloj, yaqin atrofdan joy izlashgani aniq.
- Bu o‘shalarning ishi, - dedi yonimda turganlardan biri. – Erta tongda yoki qorong‘u tushganda qilishadi.
Ana shunda assenizator mashinalarining qator bo‘lib, tumanlarga yo‘l olganini esladim. Hozir bunday mashinalarning shaharda yurganini ko‘rib qolaman. Deyarli barchasi xususiylashtirilgan. Lekin kalonna bo‘lib qayergadir borishayotganiga ancha yillardan buyon ko‘zim tushmagan.
Xurshid NURULLAYeV.