Firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan jinoyatchini ekstraditsiya qilish bo‘yicha protsedura amalga oshirildi.

Interpolning Varshava va Toshkent Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi faol harakatlari natijasida 2022 yilning mart oyida Polshada Interpolning Qizil xabarnomasiga aloqador shaxs sifatida hibsga olingan, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan firibgarlik uchun qidiruvga berilgan jinoyatchi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Qidiruvdagi shaxs jabrlanuvchi Janubiy Koreyaga ishlash uchun chet elga chiqish niyatida ekanini bila turib, hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatga kirishga ruxsat olish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilgan va bu ishlar sarf-xarajat talab qilishini bildirgan. Shu tarzda, qisqa vaqt ichida firibgar bir necha kishilarni "chuv" tushirgan.

Jinoyatchi pullarni o‘zlashtirgan hamda va’dalarini bajarmagan holda chet davlatga qochishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq O‘zbekiston va Polsha davlatlari MMB xodimlarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida qidiruvdagi shaxs aniqlanib, qo‘lga olindi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rovi qanoatlantirilgandan so‘ng, Interpol xodimlari hamrohligida shu kunlarda jinoyatchi O‘zbekistonga olib kelindi, uni oldinda adolatli sud kutmoqda.