Firibgarlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlandi

U 2021 yil avgust oyida fuqaro D.R.ga o‘zining blogerligini aytib, 600 AQSh dollari evaziga uy-joy masalasi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudida ko‘rilayotgan ishni ijtimoiy tarmoqqa joylash orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, 2 million so‘m miqdoridagi pullarini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, ushbu shaxs - U.Ch. 2021 yil 7 sentyabr kuni fuqaro Yu.D.ni aldab, 2 ming AQSh dollari evaziga uning nohaq ishdan ketganligini ijtimoiy tarmoqqa joylash orqali unga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishi va ishiga qayta tiklab berishligini va’da qilib, undan 1000 AQSh dollari olib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatgan.

2021 yil noyabrda fuqaro R.Z.ning ishonchiga kirib, 20 million so‘m evaziga unga sobiq turmush o‘rtog‘i bilan bo‘layotgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan ko‘rilayotgan ishda qatnashib, muammoni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarib, farzandini olib berishni, shuningdek, tergov bo‘limi tomonidan ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha unga yetkazilgan 14 ming AQSh dollari miqdoridagi zararni qoplatib berishni va’da qilgan. Buning uchun R.Z.ning 1 million so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatgan.

2021 yil 28 dekabrda U.Ch.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan “sirtdan” ayb e’lon qilinib, unga nisbatan “sirtdan qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruvga berilgan.

Hozirda U.Ch. Qashqadaryo viloyati hududida IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan ushlanib, Samarqand viloyat IIBga qarashli vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

"Tergov harakatlari insonparvarlik, qonuniylik va odillik tamoyillari asosida olib borilishi ta’minlanadi. Ushbu shaxsdan jabrlanganlar bo‘lsa, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga murojaat qilishlari so‘raladi", deyiladi viloyat IIB axborot xizmati xabarida.