Fojiali jinoyat: Ota o‘z jigarbandi va ayoli hayotiga zomin bo‘ldi
Shu yilning 13 iyun kuni Namangan shahridagi Yangi zamin mahallasida inson qalbini larzaga soladigan fojiali jinoyat sodir etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bahoriston ko‘chasida yashovchi 44 yoshli U.X. ismli fuqaro turmush o‘rtog‘i M.M.ni bolta bilan chopib o‘ldirib qo‘yadi.
Qayg‘ulisi, ota o‘z farzandlari – 10 va 8 yoshli qizlariga ham bolta bilan tajovuz qiladi va ular tan jarohati olgan holda qo‘shni hovliga qochib qutulishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo... kenja qiz – to‘rt oylik chaqaloqning yorug‘ dunyoni ko‘rib ulgurmagan ko‘zlari manguga yumiladi.
Jarohatlangan ikki qiz esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga yotqiziladi. Qonli voqea U.X. uyining oshxonasida o‘zini yoqib yuborishi oqibatida halok bo‘lishi bilan yakunlanadi.
Viloyat prokuraturasining ma’lumot berishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra qotillik oilaviy janjal oqibatida sodir etilgan va bu janjalning sababi faqat tergov harakatlari natijalarida aniqlanishi mumkin, deb xabar berdi O‘zA.
Hozirda holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi asosida tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.