Fransuzlar Amir Temur tavalludini Samarqandda nishonlaydi

Amir Temur siymosi asrlar davomida o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlari hamda boy madaniy merosi bilan xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelyapti.

O‘tgan 2018 yilda Sohibqiron tavalludining 682 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan buyuk bobokalonimiz faoliyatini va u qurdirgan tarixiy yodgorliklarni o‘rganish, targ‘ib qilish maqsadida ta’lim muassasalarida uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari orqali 30 dan ziyod chiqishlar qilindi. Professor-olimlar Z.Muqimov, U.Sanaqulov, Q.Mamaraimov, B.To‘raqulov muallifligida «Amir Temur tuzuklari», «Qalbim ko‘zgusi», «Amir Temurning jahonshumul faoliyatidan lavhalar», «Amir Temur abadiyati», «Amir Temur saltanatining donishmand vorisi» nomli asarlar chop qilindi.

Samarqand shahrida 2019 yil xalqaro Amir Temur jamg‘armasining Fransiya bo‘limi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan fransuz olimlari hamkorligida yirik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Abdusalom  QUVONDIQOV.