Fuqaro qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan

Bugun, 27 mart kuni zarnews.uz saytida «Yer meniki, osmon ham... Istagancha quraman!» sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Mazkur holat yuzasidan  Samarqand shahar Lohutiy ko‘chasi 29-uyda yashovchi fuqaro Sayyora Toshaliyeva  boshqarmaga ham murojaat qilgan.

Ushbu murojaat yuzasidan 24 mart kuni viloyat qurilish bosh boshqarmasi va Samarqand shahar qurilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan qurilish joyida o‘rganish olib borilgan. 

O‘rganishlarda Lohutiy ko‘chasi 31-uyda yashovchi fuqaro Mavjuda Tursunova o‘ziga tegishli uy-joy binolari foydalanishidagi yer maydonida o‘zboshimchalik bilan hech qanday shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan noqonuniy ravishda yerto‘la va uch qavatli uy-joy binosi qurayotganligi aniqlandi. Natijada "Shaharsozlik norma va qoidalari"ning 2.07.01-03*-bandi talablari buzilgan.

Samarqand shahar qurilish bo‘limi 2021 yil 17 martda fuqaro M.Tursunova o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joy hududidan o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilayotgan qurilishlarni zudlik bilan to‘xtatish, yaqqol ko‘rinmaslik talablarini bajarish, qo‘shnilarning roziligiga asosan shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish to‘g‘risida rasman ogohlantirildi. Aks holda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-sonli hamda 2009 yil 12 fevraldagi 41-sonli qarorlari asosida qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tushuntirildi.

Bundan tashqari, yuqoridagilarni inobatga olib mazkur o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilish ishlariga tegishli chora ko‘rish masalasini ko‘rib chiqish uchun Samarqand shahar hokimligi va shahar prokuraturasiga ma’lumot taqdim etilgan.

Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.