Fuqarolarning plastik kartalaridan 30 millionga yaqin pullarni o‘g‘irlagan talaba ushlandi
Buxoro shahri Qizilqum ko‘chasida yashovchi Gulnoza B. (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 9 may kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida “Telegram” messenjerida “Ipoteka_Bank_ATIB_(official)” botga o‘zining plastik kartasi uchun mikrokredit rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan.
Bot avtomat ravishda uning savollariga javob berish bilan bir qatorda, Gulnoza B.ning plastik karta raqamlari, maxsus kodi hamda ushbu plastik kartani boshqaradigan mobil aloqa operatori raqamlari va qo‘shimcha maxsus kodlarni avtomat ravishda aniqlab olganligini, ushbu plastik karta hisobidagi 3 627 500 so‘m pul hamda ushbu plastik karta uchun 1 600 000 so‘m miqdoridagi kreditni rasmiylashtirib, jami 5 227 500 so‘m miqdoridagi pullar o‘g‘irlab olinganini bildirgan va mazkur shaxsni aniqlab, pullari qaytarilishida va qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘ragan.
Ariza yuzasidan olib borilgan tezkor-texnik tekshiruvlar va tuzoq dasturlari natijasida 1999 yilda tug‘ilgan, Guliston davlat universiteti talabasi, Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida yashovchi Jasur O.ga (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) aloqador bo‘lgan virtual hisob raqamlarga kelib tushganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi Jasur O. o‘zining sodir qilgan jinoyatini yashirish maqsadida qo‘lga kiritilgan pullarni konvertatsiya ilovalaridan foydalangan holda Qozog‘iston Respublikasining turli raqamlariga ro‘yxatga olingan “Qiwi” hamyonlariga elektron valyutani ayirboshlovchilar yordamida jo‘natganligi, shundan so‘ng ushbu pullarni 1Xbet, Melbet bukmeykerlikka asoslangan faoliyatlar orqali O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kiritib, boshqa bir qator operatsiyalar bilan o‘g‘irlangan pullarni o‘zining virtual hisob raqamlari orqali naqdlashtirib olgan.
Jasur O.ning barcha hisob raqamlari tekshirib ko‘rilib, u bilan surishtiruv jarayonida, unga Respublikaning turli hududlaridan ko‘plab fuqarolar murojaat qilganligi, taxminan jami bo‘lib 30 millionga yaqin pullarni fuqarolarning plastik kartalaridan o‘g‘irlab olganligi, barcha harakatlarni mobil telefoni orqali amalga oshirib kelganligini bildirdi.
Jasur O.ning 1 dona qo‘l telefoni hamda 4 dona plastik kartasi daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olinib, to‘plangan hujjatlar Buxoro shahar IIO FMB 1-son IIB huzuridagi tergov guruhiga topshirildi, deb xabar berdi IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi.