Futbol: "O‘zbekiston U-20" jahon chempionatiga tayyorgarlikni Qatarda o‘tkazmoqda
Yosh futbolchilarimiz qit’aning 16 ta terma jamoasi qatorida joriy yilning 12 fevral -1 mart kunlari Xitoyda o‘tadigan U-20 Osiyo kubogida ishtirok etadi.
"O‘zbekiston U-20" terma jamoasi shu kunlarda Qatarda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Bugun, 3 yanvar kuni Xitoyda bo‘lib o‘tadigan U-20 Osiyo kubogiga tayyorgarlik doirasida Farhod Nishonov murabbiyligidagi "O‘zbekiston U-20" terma jamoasi Saudiya Arabistoni bilan ikkinchi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Jamoamiz ilk o‘rtoqlik o‘yinida Saudiya Arabistoni jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Raqib jamoasi darvozasiga yo‘llangan har ikki golga zaxiradan maydonga tushgan Muhammadali O‘rinboyev mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, "O‘zbekiston U-20" jamoasi qit’a kubogining “C” guruhida Eron, Yaman va Indoneziya termalariga qarshi bahs olib boradi.
Mazkur musobaqa joriy yil Chilida tashkil etiladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatli.
Osiyo kubogining eng yaxshi 4 ta jamoasi 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.